“Tashabbusli budjet”: toza ichimlik suv muammosi hal etilmoqda
Gapni uzoqdan boshlamaylik, yaqin yillarda ham boriga shukr, yo‘g‘iga qanoat qilib yashadik. To‘siqlarga o‘ralashib, jamiyatdagi oddiy muammolarni hal etish ushalmas orzudek bo‘lib tuyulgan yillarni boshdan o‘tkazdik.
Mahallada bolalar sport maydonchasi qurish, maktabni jihozlash yoki ichki ko‘chalarni ta’mirlash, aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash kabi masalalar yechimini o‘rtaga tashlagach, mutasaddilarning bu ishni davlat dasturiga kiritishini orziqib kutishga majbur bo‘ldik.
Endilikda mamlakatimiz biz kutmagan yangilanishlarga yuz tutib, jamiyatimiz o‘zgarmoqda. Ular bugun kechagidan, ertaga bugungidan yaxshiroq yashashga intilmoqda. Bolalar sport maydonchasi qurish yoki mahalladagi maktabni jihozlash uchun ham ko‘chani ta’mirlash, ichimlik suv ta’minotini yaxshilash yoki boshqa tadbirlar uchun ham ovora bo‘lib, turli idoralarga bosh suqib yurishga ehtiyoj qolmadi. “Ochiq budjet”, “Openbudjet.uz” elektron sayti orqali taklif va mulohazalarni berish, loyihada eng ko‘p ovoz to‘plab, masalani hal etish uchun yetarli mablag‘ga ega bo‘lish mumkin.
Prezidentimizning 2021 yil 13 apreldagi “Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori yurtdoshlarimiz uchun ana shunday beqiyos imkoniyat berib, ularning mahalliy budjet mablag‘lari taqsimlanishida faol ishtirok etishiga qulay muhit yaratdi. Sodda qilib aytganda, jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan “Tashabbusli budjet” jarayoni budjet mablag‘larini hududlardagi eng muhim, deb topilgan loyihalarga yo‘naltirib, odamlar duch kelayotgan muammolarning yechimini topishga, olis va chekka hududlarda yashayotgan aholining ham hayotdan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda.
“Surxondaryo suv ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili vohada beshta mahalla bu imkoniyatdan foydalanib, hududning toza ichimlik suv muammosini hal etgan bo‘lsa, joriy yil o‘tgan davrida o‘nga yaqin mahalla tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Masalan, o‘tgan yili Denov tumanidagi Yangi kuch mahallasiga “Ochiq budjet” loyihasidan 730 million so‘m pul mablag‘i ajratilib, bitta suv qudug‘i qazildi. 25 kvadrat-metr hajmdagi suv minorasi, elektr transformatori o‘rnatildi. Uch kilometr masofaga quvur tortilib, mahalla ahli toza ichimlik suv bilan ta’minlandi. Bandixon tumanidagi Obikor, Bektepa, Oltinsoy tumanidagi Marmin, Hayrondara mahallalari aholisining ichimlik suv ta’minoti “Ochiq budjet” tashabbusli loyihasi orqali hal etildi.
– Aholining toza ichimlik suv masalasini yechishda mazkur loyiha o‘ziga xos o‘rin tutmoqda, – deydi “Surxondaryo suv ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati axborot xizmati xodimi O‘rog‘ali Diyorov. – Haqli e’tirozlarni kamaytirishga yordam berayotir. Buning uchun joylarda “Ochiq budjet” tashabbusli loyihasining mazmun-mohiyati, jamiyatimizdagi muhim masalalarni hal etishdagi ahamiyati, ovoz berish jarayonlari keng tushuntirilmoqda. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali ham targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilayotir. Ovoz berish davrida g‘olib bo‘lgan takliflar bo‘yicha smeta-loyihalari tayyorlanib, ishga kirishilmoqda.
Oltinsoy tumanidagi Yangi qurilish mahallasining suv inshooti jihozlari eskirib, muddatini o‘tagani va hududda suv ta’minoti to‘xtab qolgani uchun ko‘p yillardan buyon aholi ichimlik suv muammosiga duch kelayotgan edi. Uzoq yillik bu masalaning yechimi topildi. O‘tgan yili “Ochiq budjet” portalining “Tashabbusli budjet” bo‘limi orqali inshootni qayta ta’mirlash loyihasi ilgari surilib, yetarli ovoz to‘plandi. Natijada suv inshootini qayta ta’mirlash va aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun 800 million so‘m mablag‘ ajratildi. Ana shu mablag‘ evaziga inshoot to‘liq qayta tiklandi, yangi jihozlar o‘rnatildi. Ikki mahallada 9 kilometr eskirgan suv quvuri yangisiga almashtirildi. 1,5 kilometr masofaga yangi suv quvuri tortilib, 1 ming 200 xonadonga markazlashgan toza ichimlik suvi yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.
– Bu oldindan mavjud suv taqsimlash inshooti edi, – deydi Oltinsoy tumani “Suvoqova” unitar korxonasi bosh muhandisi Chori Karimov. – Jihozlari eskirib, o‘n yildan ortiq vaqt ishlamay turdi. Dasturga kiritishning mavridi bo‘lmayotgan edi. Mazkur mablag‘ hisobidan yangidan qurilib, barcha jihozlar yangilandi. Suv manbasi juda yaxshi. Quvurlar ham qayta ta’mirlandi. Deyarli har bir xonadonga jihoz o‘rnatilib, qayta suv keltirildi. Ayting, bundan besh yil avval xalq farovonligi uchun xizmat qiladigan bunday tartiblar bormidi? Yo‘q, albatta. Bu mamlakatimizda o‘zgarishlar va aholining muhim ijtimoiy masalalar bo‘yicha mahalliy budjet taqsimlanishida ishtirok etish uchun yaratilgan imkoniyatlar natijasidir.
Sho‘rchi tumanidagi Qoqaydi mahallasida 650 xo‘jalik mavjud. Ularning 450 tasi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Biroq, 200 xo‘jalik uchun eskirib, ishdan chiqqan quvurlarni yangisiga almashtirish qariyb 40 yillik orzu edi. Bu orzu-havas "Ochiq budjet" portali orqali ro‘yobga chiqarilmoqda. Loyihada eng ko‘p ovoz to‘plab, 690 million so‘mga egalik qilgan mahalla aholisi uchun ushbu mablag‘ evaziga dastlab artizan qudug‘i qazilib, suv chiqarildi. Endilikda bunyodkorlar suv minorasi o‘rnatib, qariyb 4 kilometr masofaga suv tarmog‘i tortish ishlarini olib bormoqda.
– Mahallada yurib, xatlov o‘tkazayotganimda odamlar toza ichimlik suvi muammosini aytdi, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Behzod Qodirov.–Masalani yechish uchun “Ochiq budjet” portalini tanladik. Birinchi bosqichda tashabbus kiritdik. Ikkinchi bosqichda hokimiyat tasdiqladi. Uchinchisida aholi ovozi to‘planib, g‘olib bo‘lgach, mahalliy budjetdan moliyalashtirildi. Hozir amalga oshirilayotgan qurilish ishlaridan odamlar juda mamnun. Ular har bir xonadonga islohotlar kirib borayotganidan quvonyapti.
Mutasaddilarning aytishicha, joriy yilning birinchi yarmi uchun “Ochiq budjet” portalida o‘tkazilgan ovoz to‘plash jarayonida faol ishtirok etib, vohada yana qator mahalla ichimlik suv masalasiga yechim topmoqda. Jumladan, platformaga kelib tushgan takliflarga ovoz berish jarayonida g‘olib chiqqan Qumqo‘rg‘on tumanidagi Yangihayot mahallasi "Qorako‘lcha" ko‘chasida ish qizg‘in. Bu yerda 821,5 million so‘m mablag‘ evaziga 7,9 kilometr suv quvuri va servis tarmoqlari tortilmoqda. Uzun tumanidagi chekka Chaqar mahallasida 1, 8 kilometr suv quvuri tortilib, yangi suv nasosi o‘rnatildi. Suv minorasi ta’mirlanmoqda. Chinor mahallasida 1,1 kilometr masofaga yangi suv quvuri tortilayotir. Obod yurt mahallasida 1,2 kilometr ichimlik suv quvuri yotqizilmoqda. 25 metr-kub hajmdagi suv minorasi va yangi suv nasosi o‘rnatilyapti.
Oltinsoy tumanidagi Xo‘jaipok va Xalqabod mahallalari aholisining toza ichimlik suv manbaidan bahramand bo‘lishida “Ochiq budjet” portali juda qo‘l keldi.
Joriy yilgi “Tashabbusli budjet” loyihasining ikkinchi bosqichida ham vohada turli muammolari yechilishini istayotgan mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi o‘zlarini qiynab kelayotgan masalalar bo‘yicha taklif va mulohazalarini ilgari surgan. Ovoz berish jarayonida eng ko‘p ovoz olgan takliflar g‘olib, deb topilib, moliyalashtirish uchun xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari sessiyasiga kiritiladi. Demak, yana o‘nlab mahallalarda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, muammo yechimini topadi. Bundan aholining turmush sharoiti yaxshilanadi. Bularning barchasi mamlakatmizda odamlar qadrini ulug‘lashga qaratilayotgan islohotlar samarasi va “Inson-jamiyat-davlat”, degan ezgu tamoyilning amaldagi yorqin ifodasidir.