Termiz tumanida avtomobil bozori ishga tushdi

Termiz tumani “Yangiobod” mahallasi hududida «Complex technical services» MChJ tomonidan qurilayotgan zamonaviy avtomobil bozori va ehtiyot qismlari savdo kompleksining birinchi bosqichi ishga tushirildi.

Loyiha qiymati 90 milliard so‘m bo‘lgan zamonaviy avtomobil bozori va ehtiyot qismlari savdo kompleksining ushbu bosqichida “Termiz avto bozori” o‘z faoliyatini boshladi va 50 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Kompleks to‘liq quvvatda ish boshlagach qo‘shimcha 450 ta ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.

E’tiborlisi, bundan avval avtomobil bozori faqatgina viloyatning shimoliy qismi hisoblangan Denov tumanida haftaning bir kunida (yakshanba) faoliyat olib borardi. Bu esa viloyat markazi va viloyatning boshqa hududlaridagi fuqarolarga qiyinchilik tug‘dirardi. Ochilish marosimida ishtirok etgan mutasaddilar, tadbirkorlar va keng jamoatchilik vakillari bozorning mazkur hududda ishga tushirilishi ushbu qiyinchiliklarga barham berganligini ta’kidlashdi.

Loyihaning keyingi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.