Sariosiyo va Denov tumanlarida 112 nafar bolaning sunnat to‘yi o‘tkazib berildi

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, hamjihatlik va xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Kuni kecha Sariosiyo va Denov tumanlarida 112 nafar bolajonlarning sunnat to‘yi o‘tkazilgani buning yorqin ifodasidir.

Sariosiyo tumanida viloyat hamda tuman 2-sektor rahbarlari tashabbusi bilan 52 nafar bolajonlarning sunnat to‘ylari «Yoshlar bog‘i»da keng shodiyonalar bilan o‘tkazildi. Ular uchun bog‘ hududidagi kinoteatrda multfilm namoyishi va boshqa tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Denov tumanidagi «O‘zbegim» tantanalar saroyida «Mehr 2020-Denov» xayriya jamg‘armasi tomonidan 60 nafar bolajonlarning sunnat to‘ylari hamda 30 nafar qizlarning aqiqa marosimlari o‘tkazib berildi. Tadbirda ishtirok etgan tuman mutasaddilari sunnat to‘ylari va aqiqa marosimlari o‘tkazilgan o‘g‘il-qizlarga homiylarning sovg‘alarini topshirishdi.