Viloyat hokimi To‘ra Bobolovning sayyor qabuli Sariosiyo tumanida davom etdi

Viloyat hokimining uchrashuvi kunning ikkinchi yarmida Sariosiyo tumani “Galabutta” mahallasi hududida joylashgan "Bo‘ston" madaniyat markazida  davom etdi.

Uchrashuvda viloyat hokimi 65 nafar fuqaroning bandlik, ichimlik suvi, ichki yo‘llar ta’miri, elektr va gaz ta’minoti, sog‘liqni saqlash, imtiyozli kredit ajratish, ijtimoiy ta’minot kabi turli masalalarga oid 87 ta murojaatini qabul qildi. Qabul qilingan murojaatlarning 29 tasi shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi.

Jumladan, Sariosiyo tumani “Diydor” mahallasida yashovchi Asadullo Eshov hudud fuqarolari nomidan viloyat rahbariga murojaat qilib, eskirib qolgan suv minorasini yangilashda amaliy yordam so‘radi. Fuqaroning murojaatini qisqa muddatda hal etish bo‘yicha viloyat va tuman mas’ullariga tegishli vazifalar yuklatildi. Shuningdek, ushbu mahallada istiqomat qiluvchi Muborak Rahimovaning bandligini ta’minlash masalasidagi murojaati ham ijobiy yechim topdi.

– O‘zim tikuvchilikka qiziqaman, lekin o‘z tadbirkorlik faoliyatimni yo‘lga qo‘yish uchun jihozlarim yo‘q edi. Bugun viloyatimiz hokimi bizning tumanimizda sayyor qabul o‘tkazayotganini eshitib, murojaat bilan keldim va menga tikuv dastgohi ajratib beradigan bo‘ldi. Rosti masalam bu qadar tez hal bo‘lishini kutmagandim – deydi Muborak Rahimova, – biz ayollarni qo‘llab-quvvatlayotgan Yurtboshimizga minnatdorchilik bildiraman.

Bundan tashqari sayyor qabulda “Afrosiyob” mahallasi hududidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun namunaviy loyihalar asosida qurilgan 12 ta xonadonni gazlashtirish masalasida murojaat qilgan 1-guruh nogironi Marhabo Sattorova va bir guruh fuqarolarning murojaati ham ijobiy hal etiladigan bo‘ldi. Mas’ullarga qisqa muddatda mazkur 12 ta xonadonni tabiiy gaz tarmog‘iga ulash bo‘yicha topshiriq berildi.

Sayyor qabulda kelib tushgan murojaatlarning 58 tasi qo‘shimcha o‘rganish va mablag‘ talab etganligi sababli, mas’ullarga yo‘naltirilib, ijrosi nazoratga olindi.