Afg‘oniston chegarasida Termiz xalqaro savdo markazi ochildi. Hududga press-tur tashkil etildi.
Avvalroq Termiz xalqaro savdo markazi – INTERMEX loyihasi taqdimotida Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosarlari, qator tashkilot va boshqarmalar rahbarlari, mahalliy va xorijiy ishbilarmon doira vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etganligi to‘g‘risida xabar bergan edik.
Taqdimotdan so‘ng, Surxondaryo viloyati hokimligi va "Surxon Sanoat Qurilish" korxonasi hamkorligida tadbir ishchirokchilari uchun xalqaro savdo markaziga press-tur tashkil etildi.
Press-tur ishtirokchilari loyihaning birinchi bosqichi doirasida faoliyatiga rasman start berilgan ikkita savdo bloki va undagi savdo do‘konlari hamda xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, shuningdek, qurilishi davom ettirilayotgan ishlab chiqarish maydoni, logistika markazi, xalqaro tibbiyot markazi, mehmonxona va yotoqxona, restoranlar va umumiy ovqatlanish shoxobchalari, shuningdek, sun’iy suv havzasi bo‘lgan dam olish maskanlarining qurilishi jarayonlari bilan tanishishdi.
Tadbir davomida mas’ullar har bir ob’ekt bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar berishib, xalqaro savdo markazi hududida yaratiladigan shart-sharoitlar, tadbirkorlar uchun imtiyozlar haqida to‘xtalib o‘tishdi.