Hokimlik soati: Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mas’ullar ishdan olindi
Bugun, 8 noyabr kuni viloyat hokimligida videoselektor tarzida navbatdagi “Hokimlik soati” yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat, shahar va tumanlar sektorlari rahbarlari, hokimlik apparati mas’ul xodimlari, aloqador boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishni viloyat hokimi To‘ra Bobolov boshqarib bordi. Dastlab “Yashil makon” umumilliy loyihasining viloyatdagi ijrosi ahvoli tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi. Loyihasi doirasida 20 oktabrdan 1 dekabrgacha viloyatda 6 mln. 5 ming dona kuzgi manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi rejalashtirilgan.
Mazkur ishlarni sifatli tashkil qilmagan bir qator shahar, tumanlar hokimliklari, boshqarma va idoralar rahbarlari ogohlantirilib, belgilangan reja bo‘yicha kuzgi manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari to‘liq ekilishini ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish, ekilgan ko‘chatlarni hisobga olish hamda platformaga kiritgan holda keyingi parvarishlarini nazorat qilib borish bo‘yicha viloyat Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi hududiy boshqarmasiga bir qator vazifa va topshiriqlar berildi.
Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan, o‘z lavozim majburiyatlariga mas’uliyatsizlik bilan yondoshganligi uchun Bandixon tumani hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Mamatqulov lavozimidan ozod etildi.
Yig‘ilishda 2022-2023 yil qish va bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arish bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishi yuzasidan o‘tgan muhokama yig‘ilishlarida berilgan vazifalar ijrosi shahar va tumanlar kesimida ko‘rib chiqildi. Asosiy oziq-ovqat zaxirasini yaratish bo‘yicha ishlarni to‘g‘ri tashkil qilmagan, belgilangan rejani bajarishda ortda qolayotgan hokimliklar qattiq tanqid qilindi. Asosiy turdagi oziq-ovqat zaxirasini ta’minlash orqali kelgusida ichki bozorda aholining oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish hamda narxlar barqarorligini ta’minlashga erishilishi alohida qayd etilib, bu borada sustkashtlikka yo‘l qo‘ygan shahar va tumanlar hokimliklariga tez fursatlarda ishlarni to‘g‘ri tashkil qilgan holda asosiy oziq-ovqat zaxirasini yaratish bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari ijrosini ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, yig‘ilish kun tartibidagi qishloq xo‘jaligi va boshqa masalalarning viloyatdagi ijrosi ko‘rib chiqildi.