Viloyat hokimi tadbirkorlarning taklif, shikoyat va murojaatlarini tinglamoqda
Surxondaryo viloyati hokimligida «Tadbirkorlar qabuli»da ishtirok etish istagini bildirgan xususiy sektor vakillarining murojaatlarini tinglash hamda hal etish choralarini ko‘rish uchun navbatdagi “Tadbirkorlar qabuli” bo‘lib o‘tmoqda.
Qabulda viloyat hokimi To‘ra Bobolov, viloyat hokimining tegishli o‘rinbosarlari, huquqni muhofaza qilish organlari, tashkilot va tijorat banklari rahbarlari hamda 168 nafar tadbirkor ishtirok etmoqda.
Uchrashuv avvalida viloyatda hududiy dasturlarning bajarilishi, tijorat banklari tomonidan loyihalarni moliyalashtirish holati muhokama etildi. Tijorat banklaridan kredit olishda muammolarga duch kelayotgan tadbirkorlarning murojaatlari ham tinglanib, har bir loyihaning moliyalashtirilishi yuzasidan tijorat banklarining axboroti eshitildi.
Qabulda bir qator murojaatlar joyida hal etildi. Jumladan, boysunlik tadbirkor Nazokat Sobirova o‘zining milliy gilamlar ishlab chiqarish loyihasini kengaytirish uchun bino qurayotganini aytib, qurilishni yakunlash uchun kredit mablag‘i ajratilishida yordam so‘radi. Kredit ajratilishi uchun garov ta’minoti bo‘lmaganligini inobatga olib, viloyat hokimi tadbirkorga Termiz shahrida hozirda foydalanilmay turgan zamonaviy binoda faoliyatini olib borishi bo‘yicha taklif berdi. Tadbirkor ushbu taklifni qabul qilib, Boysun tumanida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda viloyat hokimiga qilgan murojaati ijobiy hal etilgani natijasida faoliyati rivojlangani uchun minnatdorlik bildirdi.
“Denov tekstil” UK rahbari Zarina Toshmurodova hozirgi kunda 37 turdagi kiyim-kechak ishlab chiqarayotgani, korxonada faoliyat olib boruvchi 25 nafar xodimdan 20 nafari nogironligi bo‘lgan shaxslar ekanini bildirib, mahsulotlarini sotilishida amaliy yordam so‘radi. Tadbirkorning kasanachilik asosida ishni tashkil qilib, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlaganini inobatga olgan holda qonunchilik talablari asosida viloyat Moliya boshqarmasiga ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishda yaqindan yordam ko‘rsatish topshirig‘i berildi.
Shuningdek, “Nurmuxammad” MChJ rahbari Baxtigul Normatova Qumqo‘rg‘on tumanida joylashgan o‘z binosida xususiy klinika tashkil etmoqchiligini aytib, tibbiyot jihozlari sotib olish uchun tijorat banklaridan kredit mablag‘i ajratilishida amaliy yordam so‘radi. Viloyat hokimi tijorat bankiga masalani tez kunlarda hal etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma berdi.
Viloyat hokimining “Tadbirkorlar qabuli” davom etmoqda.