Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi Turkiy davlatlar tashkiloti darajasidagi tashabbusga aylandi

Sammitning asosiy tadbirlaridan keyin, turkiy davlatlar yetakchilari Registon maydoniga tashrif buyurdi. O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Turkmaniston va Vengriya yetakchilari majmua bog‘iga ko‘chatlar ekdi.

Marosim ushbu davlatlar poytaxtlari va mamlakatimiz hududlarida videoaloqa orqali ko‘rsatildi. U yerlarda ham minglab ko‘chatlar ekildi. Shu tariqa, daraxtzorlarni ko‘paytirish harakati xalqaro miqyos kasb etdi.

Surxondaryo viloyatidagi tadbirlar Termiz shahridagi “San’at saroyi” hiyobonida tashkil etildi. Termiz shahrida o‘tkazilgan ko‘chat o‘tqazish tadbirlarida viloyat hokimi To‘ra Bobolov, sektorlar rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda davomida 1 mingga yaqin manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi. Tadbirlar, shuningdek, viloyatning barcha shahar va tumanlarida, mehnat jamoalari hamda mahallalarda davom etmoqda.