Muammo, murojaat va yechim
Viloyat hokimining aholi bilan navbatdagi uchrashuvi Boysun tumanida bo‘lib o‘tdi. Tumanning “Boshrabot” mahallasi hududidagi 35-sonli maktab binosida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda viloyat rahbari tomonidan 58 nafar fuqaroning turli masalalardagi 74 ta murojaati tinglandi. Bu murojaatlarning 25 tasi shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi.
Sayyor qabulga kelgan “Boshrabot” mahallasida yashovchi fuqaro Panji Ahmedovning oyoq suyagi yemirilishidan hamda ushbu mahallada yashovchi fuqaro Ismoil Rahimovning buyrak yetishmovchiligi kasalligidan shifo topishi uchun amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati zarur mablag‘ ajratilishi bilan qanoatlantiriladigan bo‘ldi. Shuningdek, oilaviy sharoiti og‘irligini, davolanish uchun imkoniyati yetmayotganligini bildirgan Gulnoza Begimqulova hamda Fotima Boqiyevaga ham sog‘ligini tiklashi uchun moddiy yordam beriladigan bo‘ldi. Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga bemorlarning davolanishi uchun amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha vazifalar yuklandi.
Boshrabotlik yana bir fuqaro Xalil Zoyirovning mahalla ichki ko‘chalarini yoritish masalasidagi murojaati yuzasidan ichki ko‘chalarga quyosh panellari o‘rnatib berilishi bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, o‘zining ish joyini Qumqo‘rg‘on tumanidan Boysun tumaniga ko‘chirish masalasida kelgan fuqaro Mahbuba Davlatovaning murojaati ham hal etilib, uning ish joyi o‘ziga yaqin bo‘lgan hududga ko‘chirib beriladigan bo‘ldi.
Qolgan 49 ta masaladagi murojaat ijrosi muddat va mablag‘ talab qilganligi sababli qo‘shimcha o‘rganish va ijobiy hal etish uchun mas’ullarga yo‘naltirilib, ijrosi nazoratga olindi.