Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov hamda Qiziriq tumanining sobiq hokimi I.Yusupov, tumandagi klaster vakili X.X.larning joriy yilning 17 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan suhbatidan kesib olinib, boshqa ovozlar qo‘shilgan holda montaj qilingan audioyozuv muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Muloqotdan qariyb 9 oy o‘tgandan so‘ng internet tarmog‘iga sizdirilayotgan mazkur audioyozuvning 2:07-daqiqasidan 2:10 daqiqasigacha bo‘lgan qismidagi o‘ta haqoratli so‘zlar viloyat hokimiga tegishli emas. Bo‘lib o‘tgan suhbatga guvoh bo‘lganlar buni tasdiqlaydi. (Viloyat hokimligi Axborot xizmatida asoslar mavjud.)

Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30 avgustdagi “Surxondaryo viloyatida zamonaviy agrosanoat klasterlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi yuzasidan Qiziriq tumanida xorijiy investitsiyalar ishtirokida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil qilingan paxta- to‘qimachilik klasteri o‘z majburiyatlarini bajarmay belgilangan loyihalarni amalga oshirmasdan kelgan.

Natijada tumanda 2020 yilda 10,5 ming nafar fuqaro qishloq xo‘jaligi sohasida band bo‘lgan bo‘lsa, muhokama qilingan vaqtda (2021 yil yakuni bo‘yicha) 4 ming nafar fuqaro mazkur sohaga qamrab olinib, ularning 6,5 ming nafari ishsiz qoldirilgan. Buning oqibatida tumanda xorijiy davlatlarga ish izlab ketganlar soni oshgan.

Shuningdek, klaster tomonidan 2022 yil bahorgi dala ishlarida qatnashishi belgilangan 262 ta chopiq traktori va kultivatorlar hamda 102 ta chigit ekish seyalkalarini ta’mirlash ishlari amalga oshirilmay, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.

Viloyat hokimi yuqoridagi holatlarni tahlil qilish jarayonida asabiy holatda qo‘pol so‘zlar ham ishlatib yuborgan. (audioyozuvning 2:07-daqiqasidan 2:10 daqiqasigacha bo‘lgan holat bundan mustasno).

Ta’kidlash joizki, ushbu muhokamalardan so‘ng ko‘tarilgan muammoli masalalar bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilangan.

Hudud rivoji uchun jon kuydirayotgan viloyat hokimining ovozini yozib olib, montaj qilib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish orqali uni yomonotliq qilishdan, rahbariyat ko‘ziga yomon ko‘rsatishga urinishdan kimlardir manfaatdor bo‘lishi mumkin. Tasavvur qilaylik, bir oila boshlig‘i farzandini oila uchun biron muhim ishning uddasidan chiqolmay uni orqaga tortgani uchun jahl ustida koyidi. Xuddi shunday, besh yoki o‘n emas, qariyb uch million kishining manfaatini ta’minlashga mas’ul rahbar ham vaqtida amalga oshirilmagan ish uchun jiddiy toliqqani sabab beixtiyor mas’ullarga qattiq gapirib yuborgan bo‘lishi mumkin. Bu so‘zlarni montaj qilib, tarmoqda tarqatish bilan shug‘ullanish orqali rahbarning ishchanlik qobiliyatiga ta’sir etmoqchi bo‘layotganlar o‘zlarini bugungi islohotlarga xayrihoh  shaxs, deya atashga haqli emaslar, bizningcha.

Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga montaj qilingani aniq sezilib qolgan bu audioyozuvni tarqatgan kimsalar harakatida g‘arazli niyatlar borligini ma’lum qilib, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarishlarini, chalg‘imasliklarini so‘rab qolamiz.