Surxondaryoda yiliga 4,5 million kvadrat metr gilam ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona faoliyat yuritmoqda

Termiz tumani “At-Termiziy” mahallasi hududida 4 gektar maydonda "Termez National Carpets" MChJ tomonidan tashkil etilgan gilam mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 236,0 milliard so‘mni tashkil etib,  zamonaviy uskuna va jihozlar Germaniya, Belgiya va Turkiya davlatlaridan keltirilgan. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 4,5 mln. kv. metrni tashkil etadi.

Ishlab chiqariladigan mahsulotlarning 55 foizi ichki bozorga, 45 foizi qo‘shni davlatlar — Afg‘oniston, Tojikiston va Qirg‘izistonga eksport qilish maqsad qilingan. Bunda Surxondaryo viloyatining geografik joylashuvi masofa va mahsulot logistikasiga ham qulaylik tug‘diradi.

Korxonada 250 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, ish o‘rinlarining 50 tasi yosh kadrlar hisobiga band qilingan.