Termizda “Hamdo‘stlik – 2022” o‘quv-mashg‘uloti o‘tkazilmoqda
Mudofaa vazirligining Termiz dala-o‘quv maydonida O‘zbekiston – Tojikiston “Hamdo‘stlik – 2022” o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini bo‘lib o‘tadi.
Shu munosabat bilan yurtimizga yo‘l olgan Tojikiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari “Sariosiyo” chegara nazorat-o‘tkazish punkti orqali Termiz shahriga yetib keldi.
So‘nggi yillarda tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladigan do‘stlik va qardoshlik aloqalari yangi bosqichda rivojlanayotgan ikki qardosh mamlakat vakillari harbiy yo‘nalishda ham o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi. Davlatlarimizning turli mintaqalarida o‘zbek-tojik harbiy xizmatchilari ishtirokida ikki tomonlama o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazish an’anaga aylandi.
Navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga qariyb uch asrlik tarixga ega Termiz shahri ilk marta mezbonlik qilmoqda. Tojikiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i o‘rinbosari, general-mayor Egamzoda Sharof Xudoyberdi boshchiligidagi delegatsiya a’zolarini “Sariosiyo” chegara nazorat-o‘tkazish punktida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari bosh shtabi boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Farrux Ziyaboev va Janubiy operativ qo‘mondonlik boshlig‘i, polkovnik Po‘latjon Sotvoldiev o‘zbekona karnay-surnay sadolari ostida kutib oldi. Shu kuni mehmonlar maxsus transport vositalarida Termiz dala-o‘quv maydonida joylashgan harbiy qismga yetib keldi.
Qardosh xalq harbiy xizmatchilarini Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘mondoni, general-mayor Zaynobiddin Iminov, Surxondaryo viloyati faxriylari, yoshlar va jamoatchilik vakillari do‘stona qarshi oldi. Tojikistonlik harbiy xizmatchilar o‘zlari uchun ajratilgan yotoqxonalarga joylashtirilib, kunning birinchi yarmiga belgilangan tadbirlar shu tarzda yakunlandi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bugun kechki payt ikki davlat harbiylari ishtirokida o‘n kun davom etadigan o‘quv-mashg‘ulot rejalari bilan tanishish yig‘ini o‘tkaziladi. Mehmonlar uchun madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etiladi.