Eshqobil Shukurning 60 yillik yubileyi nishonlandi

Termiz shahridagi muhtasham San’at saroyida ma’naviyat fidoiysi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan Madaniyat xodimi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir va yozuvchi Eshqobil Shukur tavalludining 60 yillik yubileyi tantanali nishonlandi.

Tadbirda viloyat hokimi To‘ra Bobolov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Tafakkur jurnali bosh muharriri Erkin A’zam, "Do‘stlik" ordeni sohibi, taniqli shoir Shodmonqul Salom, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toyir, taniqli shoir, O‘zbekiston adabiyot va san’at jurnali bosh muharriri Salim Ashur, filologiya fanlari doktori, professor Abdulla Ulug‘ov, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi o‘rinbosari Sherzod Irzoyev hamda professor-o‘qituvchilar, shoir va yozuvchilar, Eshqobil Shukurning safdoshlari, OAV va keng jamoatchilik vakilari ishtirok etdi.

- Qariyb 40 yil umrini ilm va ijodga bag‘ishlab, ma’muriyat ishi bilan ijodiy ishni muvozanatda saqlab kelayotgan Surxon ma’naviyatining yetuk darg‘asi, ma’rifatparvar, fidoyi farzandi Eshqobil Shukurning 60 yillik yubileyi bilan chin dildan muborakbod etaman, - dedi viloyat hokimi.

Shundan so‘ng, tadbirda Tafakkur jurnali bosh muharriri Erkin A’zam, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toyir, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi o‘rinbosari Sherzod Irzoyev, Salim Ashur, taniqli shoir Shodmonqul Salom, professor Abdulla Ulug‘ovlar so‘zga chiqib, Eshqobil Shukurning uzoq yillik mehnat faoliyati davomida o‘zbek she’riyati rivojiga va mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shish bilan bir qatorda, she’riyat olamida ko‘plab shogirdlar tayyorlagan muhtaram ustoz sifatida ham e’zozga va ehtiromga loyiqligini ta’kidlashdi.

Tadbirda viloyatdagi baxshilar, "Badash" etnografik ansambli va xonandalarining chiqishlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

60 yillik yubileyi nishonayotgan Eshqobil Shukurga viloyat hokimining esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi hamda surxoncha to‘nlar kiydirildi.

Tadbir to‘kin dasturxon atrofida davom etdi.