Surxondaryoliklarga davlatimizning yuksak mukofotlari topshirildi

Prezidentimizning farmonlariga muvofiq mamlakatimiz mustaqilligining 31 yillik bayrami arafasida davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlangan vatandoshlarimiz safida 17 nafar surxondaryolik turli soha vakillari ham bor.

Shuningdek, jamiyatimizda mahallaning o‘rni va rolini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda fidoyilik ko‘rsatayotgan 43 nafar vohadoshlarimiz “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishdi. 

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov bugun viloyat hokimligining majlislar zalida  bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda mukofotlarni o‘z egalariga  topshirdi.

-Istiqlolimizning qutlug‘ 31 yillik to‘yi munosabati bilan Sizlarning xalq xo‘jaligining barcha sohalarini rivojlantirish, islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, fuqarolik jamiyati va huquqiy-demokratik davlat barpo etish, tinch, to‘kin hayotimizni ta’minlash, milliy qadriyat va an’analarimizni keng targ‘ib qilish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash yo‘lidagi  xizmatlaringiz alohida e’tirof etildi,-dedi viloyat hokimi. -Biz, davlatimiz rahbarining yuksak  orden, medal va esdalik nishonlarini butun Surxon ahliga berilgan mukofot deb hisoblayman.

Fursatdan foydalanib, sizlarni bunday yuksak ishonch va e’tirof bilan samimiy tabriklayman. Mustaqilligimiz abadiy, Vatanimiz osuda, hayotimiz yanada farovon bo‘laversin.

"Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni sohiblariga “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti topshirildi va mamlakatimizdagi sanatoriyalarda davolanish uchun  bir marotabalik bepul yo‘llanma olish huquqiga ega bo‘ladilar.

Tantanali marosimda davlat mukofotlari va esdalik nishon bilan taqdirlanganlar nomidan so‘zga chiqqanlar yuksak etibor va etirof uchun cheksiz minnatdorlik bildirdi.