Boysunda o`qituvchi va voyaga etmagan qiz bilan bog`liq holat yuzasidan muhokama yig`ilishi o`tkazildi
Ijtimoiy tarmoqda muhokamaga sabab bo`lgan Boysun tumanidagi o`qituvchi va o`quvchi qiz bilan bog`liq holat yuzasidan tuman hokimligida yig`ilish bo`lib o`tdi. Muhokama yig`ilishda viloyat hokimi To`ra Bobolov, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i Abduvohid Ismoilov, viloyat hokimining tegishli o`rinbosarlari, xalq ta’limi boshqarmasi, Boysun tumani hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari, jumladan, maktab direktorlari, diniy soha vakillari hamda jamoatchilik faollari ishtirok etdi.
Yig`ilishda viloyat hokimi ushbu holatni umuman kechirib bo`lmas, milliy g`urur va mentalitetimizga mutlaqo zid deya baholadi. “O`qituvchi” deya aytilayotgan fuqaroning voyaga etmagan qizga nisbatan qilgan ushbu hatti-harakati, holatni tasvirga olib, uni ijtimoiy tarmoqqa chiqarib yuborishi eng borib turgan razillikdir, deb ta’kidladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo`lgan, foydalanuvchilarning nafratini uyg`otgan ushbu holat yuzasidan hozirda jinoyat ishi qo`zg`atilganligi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan tergov harakatlari olib borilayotganligi ma’lum qilindi.
Muhokama yig`ilishida so`zga chiqqan jamoatchilik faollari, mas’ullar hamda diniy soha vakillari ushbu holatni qattiq qoralab, bu kabi holatlarning kelgusida takrorlanishining oldini olish uchun yoshlar o`rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, ularga milliy g`urur hamda odob-axloq qoidalarini singdirish lozimligini qayd etishdi.
Viloyat hokimi mas’ullarga bu kabi holatlar takrorlanishining oldini olish, yoshlarni ma’naviyatli va ma’rifatli qilib tarbiyalash maqsadida targ`ibot tadbirlarini kuchaytirish bo`yicha chora-tadbirlarni belgilab berdi.