Jarqo‘rg‘onda uch avlod vakillari birlashdi
Bugun Jarqo‘rg‘on tumanida viloyatimiz shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan nuroniy otaxon va onaxonlar, mehnat faxriylari va yoshlar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlari o‘tkazildi.
Dastlab tadbirlar Jarqo‘rg‘on tumani Madaniyat markazida tashkil etilgan bayram konsert dasturi bilan boshlandi. Tadbirda so‘zga chiqqan nuroniylar, jamoatchilik faollari tarix uchun qisqa vaqt bo‘lgan o‘ttiz bir yil, inson uchun katta vaqtni anglatishini, bu yillar davomida mashaqqatli, shijoatli va og‘ir yo‘llar bosib o‘tilganligini ta’kidlashdi.
Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida oxirgi olti yilda islohotlar shiddat bilan avj oldi. Iqtisodiyotni erkinlashtirishda salmoqli natijalarga erishildi, ochiqlik siyosatiga dadil qadam tashlandi. O‘zbekiston dunyoga qayta bag‘rini ochdi. Bugun qo‘shnilarimiz, rivojlangan davlatlar bilan yaqin do‘stmiz.
Samimiy muloqotlarda tinch va xotirjam hayotimiz, farovon kunlarimizga shukronalik tilga olindi. San’atkorlar tomonidan ijro etilgan konsert dasturi tadbir ishtirokchilariga bayramona kayfiyat va zavqu-shavq ulashdi.
Shundan so‘ng, tadbir ishtirokchilari uchun Jarqo‘rg‘on tumanida joylashgan “Samandar Termiziy” ziyoratgohiga tashrif uyushtirildi. “Uch avlod uchrashuvi” va “Noyabr – keksalar turizm oyligi” doirasida nuroniylar uchun tashkil etilgan ushbu sayohat ham ularda o‘zgacha taassurot qoldirdi.