Rasmiy munosabat
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan “Surxondaryo viloyati hokimligi 2020 yildagi farmoyishlari uchun 2022 yil 18 noyabrda 8 mlrd. so‘m mablag‘ ajratdi” mazmunidagi material yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Tanqidiy materialga ilova qilingan qaror Xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashining 2022 yil 18 noyabrdagi VI-62-261-8-0-K/22-sonli qarori bo‘lib, mazkur qarorning 5-bandi - “2020 yilda koronavirus pandemiyasi davrida viloyat aholisi uchun arzon va sifatli dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari zahirasini yaratish maqsadida viloyat hokimining 2020 yil 27 iyuldagi F-127-sonli farmoyishi bilan (shartnoma asosida) 5,0 mlrd., 2020 yil 2 oktabrdagi F-172-sonli farmoyishi bilan 1,0 mlrd, 2020 yil 14 oktabrdagi F-183-sonli farmoyishi bilan 2,0 mlrd., jami 8 mlrd. so‘m mablag‘ “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan ajratilgani inobatga olinsin” – deb keltirilgan.
Ya’ni 2020 yilda bu farmoyishlar kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlar sababli qabul qilingan hamda shu davrda karantin talablari kuchaytirilgani sababli Kengash sessiyalari o‘tkazilmagan. Shu boisdan mazkur farmoyishlarni kengash tasdig‘idan o‘tkazish imkoni bo‘lmagan.
Bunga sabab, 2020 yil mart oyidan boshlab Respublikamiz bo‘ylab, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish hamda aholini ijtimoiy va tibbiy muhofaza qilishni kuchaytirish, shuningdek, biznes vakillarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilgan holda karantin qoidalari joriy etilgani, bundan tashqari viloyat hokimi To‘ra Bobolov ham koronavirus infeksiyasining og‘ir turiga chalinib davolanish kurslarini o‘tayotgan vaqtda koronavirus pandemiyasi davrida viloyat aholisi uchun arzon va sifatli dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari zahirasini yaratish maqsadida kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlar ekanligi inobatga olinib, mazkur mablag‘larni qaytarish sharti bilan ushbu farmoyishlar qabul qilingan va tegishincha pul mablag‘lari ajratilgan.
Ajratilgan mablag‘lar belgilangan vaqtda qaytarilmagach, Termiz tumanlararo iqtisodiy sudining 2021 yil 27 oktabr kunidagi ajrimi bilan arizachi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Surxondaryo viloyat hududiy boshqaruvining O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Hakamlik sudining 2021 yil 19 oktabrdagi hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi arizasi qanoatlantirilib, “Surxon Dori-Darmon” MChJ hisobidan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Surxondaryo viloyat hududiy boshqaruvi foydasiga 8 mlrd. so‘m asosiy qarz va 540 000 so‘m davlat boji undirish to‘g‘risida ijro varaqasi berilgan.
Shundan so‘ng, arizachi “Surxon Dori-Darmon” MChJ Termiz tumanlararo iqtisodiy sudiga murojaat qilib, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni so‘ragan va Termiz tumanlararo iqtisodiy sudining 2021 yil 18 noyabr kunidagi ajrimi bilan arizachining arizasi rad etilgan.
“Surxon Dori-Darmon” MChJning Termiz tumanlararo iqtisodiy sudining 2021 yil 27 oktabr kunidagi ajrimini bekor qilish to‘g‘risidagi apellyatsiya shikoyati Surxondaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan 2021 yilning 16 dekabr kunida ko‘rib chiqilib, Termiz tumanlararo iqtisodiy sudining 2021 yil 27 oktabr kunidagi ajrimi o‘zgarishsiz qoldirilib, javobgarning apellyatsiya shikoyati rad etilgan.
Shundan so‘ng, javobgar “Surxon Dori-Darmon” MChJ Termiz tumanlararo iqtisodiy sudining 2021 yil 27 oktabr kunidagi ajrimi va Surxondaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining 2021 yilning 16 dekabr kunidagi qaroridan norozi bo‘lib O‘zbekistoni Respublikasi Oliy sudiga kassatsiya tartibida shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan va mazkur ish O‘zbekistoni Respublikasi Oliy sudi tomonidan 2022 yilning 22 fevral kunida ko‘rib chiqilib, Termiz tumanlararo iqtisodiy sudining 2021 yil 27 oktabr kunidagi ajrimi va Surxondaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining 2021 yilning 16 dekabr kunidagi qarori o‘zgarishsiz qoldirilib, “Surxon Dori-Darmon” MChJning kassatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etilgan.
Hozirgi kunda Termiz shahar MIB tomonidan “Surxon Dori-Darmon” MChJ hisobidan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Surxondaryo viloyat hududiy boshqaruvi foydasiga 2 mlrd. 600 mln. so‘m mablag‘ undirilgan bo‘lib, qolgan 5 mlrd. 400 mln. so‘m mablag‘ni undirish choralari ko‘rilmoqda.
Xalq deputatlari viloyat Kengashining ushbu farmoyishlarini sessiya muhokamasiga kiritishni kechiktirib kelgan xodimlarga nisbatan tegishli chora ko‘rilgani va ularning shaxsiy mas’uliyati oshirilganligi ma’lum qilinadi.