Hokimlik soati: Arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarini tashkil etish masalasi muhokama qilindi

Viloyat hokimi To‘ra Bobolov rahbarligida joriy haftadagi vazifalarni belgilab olish hamda muhim masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan navbatdagi hokimlik soati o‘tkazildi. Videokonfrens aloqa orqali o‘tkazilgan yig‘ilishda sektor rahbarlari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, viloyat hokimligi apparat xodimlari, tashkilot va boshqarmalar rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlari hamda boshqa mas’ullar ishtirok etdi.

Dastlab ijro intizomi masalasi ko‘rib chiqildi. Unda “Ijro.gov.uz” tizimiga biriktirilgan Prezident Farmonlari, Qarorlari, yig‘ilish bayonlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va topshiriqlari ijrosi, “Collective.uz” dasturiga biriktirilgan topshiriqlar ijrosi holati muhokama qilindi. Biriktirilgan topshiriqlarni o‘z muddatida bajarmaganligi uchun viloyat hokimligining ikkita kotibiyati, Termiz shahar, Denov va Sho‘rchi tumanlari hokimliklari hamda «Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ, «Surxondaryo suv ta’minoti» MChJ va Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarlari faoliyati tanqid qilindi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan maxsus xizmat ko‘rsatish ko‘chalariga aylantiriladigan markaziy ko‘chalar, auksion savdolariga chiqarilgan yer maydonlari, yangi xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hamda shakllantirilgan loyihalarga tijorat banklari tomonidan kredit mablag‘larining ajratilishi ahvoli ham muhokama qilindi. Ushbu qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan mutasaddilar ogohlantirilib, ularga kamchiliklarni bartaraf etish va loyihalarni o‘z muddatida amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Kun tartibida keyingi masala — hududiy investitsiya loyihalarining bajarilishi muhokamasi bo‘ldi. Shahar va tumanlar hamda tijorat banklari kesimida 52 ta loyihaning ishga tushmaganligi sabablari ko‘rib chiqildi. Ushbu loyihalarni amalga oshirilishi orqali 2,8 ming ish o‘rinlari yaratilishi ta’kidlandi. Mas’ullarga belgilangan loyihalar bo‘yicha tadbirkorlar bilan uchrashib, muammolarni bartaraf etish, dasturda belgilangan loyihalarni moliyalashtirish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda 2022-2023 yil qish va bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arish bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishi ham muhokama qilindi. Ushbu masala doimiy kun tartibida bo‘lishi ta’kidlanib, belgilangan rejani oxiriga yetkazish bo‘yicha aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Shuningdek, joriy yil 15 dekabrdan dehqon bozorlari hamda savdo markazlarida arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarini yuqori darajada tashkil etish bo‘yicha mas’ullarga vazifalar belgilab berildi. Bunda shahar va tumanlar hokimlarining tegishli o‘rinbosarlariga yarmarkalarni tashkil etish, unda mahsulotlarning arzonlashtirilgan narxlarda sotilishini, Markaziy bank bosh boshqarmasiga yarmarka savdolariga jalb etilgan barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni to‘lov terminallari bilan ta’minlash, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Davlat soliq va Monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmalariga yarmarkalar tashkil etilishi va ularda mahsulotlarning arzonlashtirilgan narxlarda sotilishini nazorat qilish vazifalari yuklandi.