Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – xalq irodasining ifodasi, ertangi kunimiz va kelajagimiz poydevoridir!

Viloyat hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi To‘ra Bobolov voha ahlini bayram munosabati bilan samimiy muborakbod etdi.

Davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, ishlab chiqarish, ijtimoiy va boshqa sohalar vakillari, faol yoshlar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar Vatanimiz taraqqiyoti hamda xalqimiz farovonligini taminlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Fuqarolarning huquq va erkinliklari, burchlari, siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy huquqlari, ularning kafolatlari o‘z aksini topgan Asosiy qonunimiz jamiyatni demokratlashtrish va modernizatsiya qilishda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi.

Ulug‘ bayram arafasida Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, mudofaa qudratini oshirish, tinchlik va barqarorlikni, millatlararo do‘stlik va totuvlikni asrash kabi ezgu vazifalarni sidqidildan amalga oshirishda boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan 1 ming 801 nafar fidoyi, tashabbuskor surxondaryoliklar “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan mukofotlandi.

Tadbirda viloyat hokimi bir guruh vohadoshlarimizga «O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi» esdalik nishonlarini tantanali topshirdi.

Tantanali taqdirlash marosimidan so‘ng Termiz shahridagi San’at saroyida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligiga bag‘ishlangan bayram dasturi bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbirda taniqli san’atkorlar ijrosida Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari va raqslar ijro etildi.

Bayram tadbirlari viloyatning shahar va tumanlarida davom etmoqda va joylardagi tadbirlarda ham «O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi» esdalik nishonlari o‘z eaglariga tantanali topshiriladi.