Surxondaryoda chegarachilar uchun yangi xonadonlar kalitlari topshirildi

Keyingi yillarda mamlakatimizda harbiy xizmat nufuzini yuksaltirish, Qurolli Kuchlarimizning jangovar shayligini yanada oshirish, yoshlar qalbida vatanparvarlik, xalqning armiya bilan birdamlik tuygʻusini yuksaltirish, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ijtimoiy himoyasini kuchaytirish davlatimiz belgilab olgan vazifalarning ustuvor yoʻnalishiga aylandi.

Bugun shunday eʼtiborning amaliy ifodasi sifatida Surxondaryo viloyati Termiz shahrida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlariga qarashli harbiy qismlarning birida harbiy xizmatchilar uchun navbatdagi koʻp qavatli uy-joylar hamda harbiy qismning shtab binosi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan boʻlib oʻtgan tadbirda viloyat hokimi oʻrinbosari Ilxom Saparov, DXX Chegara qoʻshinlari ofitserlari, nuroniylar, istefodagi chegarachilar, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ishtirok etdi.

Umumiy qiymati 17,7 mlrd soʻm boʻlgan ushbu loyiha doirasida “Saodatbonu Aziza Termiz” xususiy korxonasi tomonidan 36 xonadonli koʻp qavatli zamonaviy uy-joy yangidan qurildi va shtab binosi qayta rekonstruksiya qilindi. Shinam va yorugʻ xonalarda xizmat xonalari, kutubxona, askarlar yotoqxonasi, oshxona, trenajor sinfi, jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik sinflari va sport maydonchalari zamonaviy mebel va targʻibot vositalari bilan jihozlandi.

– Harbiylik sohasida faoliyat yuritayotganimga besh yil boʻldi. Bir yildan buyon ushbu harbiy qismda oʻz faoliyatimni davom ettirmoqdaman. Yosh oilamiz, turmush oʻrtogʻim va bir nafar farzandim bilan yangi yil arafasida yangi xonadonli boʻlganimizdan behad mamnunmiz. Qolaversa, harbiy qism va uy-joyimizning bir hududda ekanligi biz harbiylar uchun oʻz oilalarimizga ham koʻproq vaqt ajratishga imkon beradi. Bizga berilayotgan bu kabi eʼtibordan Oliy Bosh Qoʻmondonimiz, muxtaram Prezidentimizdan minnatdormiz – deydi Fargʻonalik harbiy, kichik serjant Azamatjon Sunnatillayev.

Tadbirda soʻz olganlar soʻnggi yillarda mamlakatimizda barcha tarmoqlar singari harbiy sohaga ham eʼtibor kuchayib, harbiy xizmatchilarning jangovar-xizmat faoliyati bilan shugʻullanishi uchun qulay sharoit yaratilayotganini eʼtirof etishdi.

Barcha zamonaviy shart-sharoitga ega boʻlgan xonadonda oilasi bilan baxtiyor hayot kechirayotgan yurtning mard oʻgʻlonlari Vatan tinchligi yoʻlida sadoqat bilan xizmat qiladi.