O‘zbekistondan afg‘on xalqiga navbatdagi insonparvarlik yordami yetkazildi
Prezidentimizning topshirig‘iga asosan, afg‘on xalqiga 170 tonnadan ortiq zarur oziq-ovqat hamda kiyim-kechaklar ortilgan navbatdagi insonparvarlik yuklari karvoni Hayraton chegara o‘tkazish punkti orqali qo‘shni mamlakatning Balx viloyati shimolidagi Hayraton shahriga yetkazildi.
Insonparvarlik yordami 48 tonna un, 30 tonna shakar, 48 tonna bug‘doy, 15 tonna o‘simlik yog‘i, 10 ming dona konservalangan go‘sht mahsulotlari (tushyonka), 22 tonna makaron, 1000 juft erkaklar va bolalar kiyimi, 1000 juft bolalar, erkaklar va ayollar oyoq kiyimidan tashkil topgan.
Shu munosabat bilan Hayraton shahridagi Astras kompaniyasi hududida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, Balx viloyati gubernatori Mullo Muhammad Dovud Muzammil va boshqa rasmiylar ishtirokida insonparvarlik yordamini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng ikki davlat rasmiylari ishtirokida hududlarning o‘zaro savdo-iqtisodiy va gumanitar sohadagi hamkorligini rivojlantirish borasida muzokaralar o‘tkazildi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov hududlararo aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish uchun o‘zaro hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi. Shuningdek, afg‘onistonlik fuqarolarining savdo-sotiq faoliyati bilan shug‘ullanishi, turizm xizmatlaridan foydalanishi hamda sog‘ligini tiklashi uchun Termizda ishga tushirilgan “Termiz xalqaro savdo markazi”da barcha imkoniyat va imtiyozlar berilayotganligini ta’kidladi.
Tadbirda ishtirok etganlar afg‘onistonlik rasmiylar do‘st davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan bu kabi amaliy yordamdan behad mamnun ekanliklarini bildirishdi.