Tadbirkorlar qabuli o‘tkazildi

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi turmush darajasini yaxshilash, real daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu bois Surxondaryo viloyatida ham tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda, ular faoliyatida yuzaga kelayotgan muammo va to‘siqlarni tezkor bartaraf qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Viloyat hokimi To‘ra Bobolovning bugun, 17 dekabr kuni viloyat, tuman va shahar hokimining tegishli o‘rinbosarlari, mutasaddi viloyat tashkilotlari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan “Tadbirkorlar qabuli”da ham 40 nafarga yaqin xususiy sektor vakillarining murojaatlari, taklif va tashabbuslari atroflicha o‘rganildi.

Murojaatlarning asosiy qismi tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish uchun tijorat bankidan kredit olish, xo‘jalik yurituvchi subektlarga ko‘rsatilgan xizmat va berilgan mahsulot uchun to‘lanmay qolgan mablag‘ni undirish kabi muhim masalalar bilan bog‘liq bo‘ldi.

Qabul davomida tadbirkorlardan tushgan murojaatlarning aksariyati joyida hal etilgan bo‘lsa, yechimi ma’lum vaqt talab etadigan masalalar bo‘yicha soha mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi. Barcha murojaatlarning ijrosi viloyat hokimi tomonidan nazoratga olindi.

Ma’lumot o‘rnida, viloyat hokimi rahbarligida o‘tkaziladigan “Tadbirkorlar qabuli”da ishtirok etish istagi bo‘lgan tadbirkorlar 76 225 12 37, 90 645 53 80, 94 201 64 00 raqamlariga murojaat qilishlari mumkin.