Surxondaryoda “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi

Bugun Termizda viloyatimiz shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan davlat mukofotlari sohiblari, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish, ijtimoiy soha ilg‘orlari, ijodiy tashkilotlar vakillari hamda yoshlar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi.

Turli millat vakillarini mushtarak maqsad yo‘lida bir davraga jam qilgan tadbir doirasida “Muhtasham saroy” to‘yxonasida bayram dasturxoni yozildi. Milliy hunarmandchilik va xalq amaliy san’ati namunalari, millatlarning urf-odat hamda madaniyatini o‘zida aks etgan ko‘rgazmalar namoyishi barchaga birdek quvonch ulashdi.

Ishtirokchilar to‘kin dasturxon atrofida dildan suhbat qurishdi. Samimiy muloqotlarda mamlakatimizda inson va uning qadr-qimmatini yuksaltirish, xalqimizning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish ustuvor vazifaga aylangani ta’kidlandi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabriklab, viloyatda amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlar hamda Prezidentimizni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasidagi maqsad va vazifalarga e’tibor qaratdi. Viloyat rahbari barchani yurt ravnaqi yo‘lida birdamlikka chorladi.

El suygan san’atkorlarning Ona Vatan, do‘stlik, ezgulik, hamjihatlik, mehr-muhabbat va tinch-totuv hayot tarannum etilgan kuy-qo‘shiqlari barchada iliq taassurot o‘yg‘otdi.

Tadbir yakunida nuroniylar mamlakat tinchligi va ravnaqi hamda xalqimiz farovonligini tilab, duoga qo‘l ochishdi.