Muzrabot tumanida sholi yetishtirish, qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalar bilan tanishildi
Viloyat hokimi hududlarda olib borilayotgan ishlar, korxonalar faoliyati va yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishish maqsadida Muzrabot tumaniga tashrif buyurdi.
“SCT cluster sholi” MChJ tomonidan Amudaryoning Muzrabot tumani hududidan o‘tuvchi qismi qirg‘oqlaridagi yer maydonlarida sholi yetishtirish va qayta ishlash loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha ishga tushirilgach 2023 yilning o‘zida 18 ming tonna sholi yetishtirish, 9 ming 900 tonna guruch tayyorlash, 2024 yilda mos ravishda 30 ming tonna sholi, 15 ming 410 tonna guruch ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Viloyat rahbariga MChJ tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha taqdimot qilindi.
Shuningdek, viloyat rahbari “SCT cluster sholi” MChJ tomonidan un ishlab chiqarish, “Muzrabot tomorqa xizmati” MChJ negizida tomorqachilik klasterini tashkil etish, “BLESS S.R.” MChJ QK tomonidan issiqxona, agrologistika markazi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, “Surxon agro majmuasi” MChJ tomonidan chorvachilik kompleksini tashkil etish, polietilen ishlab chiqarish, paxtani qayta ishlash korxonalarining loyiha takliflari bo‘yicha taqdimotlar bilan ham tanishdi.
Viloyat hokimi loyiha-tadqimotlari bilan tanishib, tadbirkorlarga o‘zining taklif va tavsiyalar berdi, shuningdek, mas’ullarga tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda loyihalarni amalga oshirishda ko‘maklishish, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.