Surxondaryo viloyatida bahor mavsumi 10 mlndan ortiq daraxt ko‘chatlari ekiladi

Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi bugungi kunda xalqaro tashabbusga aylandi. Ushbu loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish reja qilingan.

Xususan, Surxondaryo viloyatida ham mazkur umummilliy loyiha doirasida kuz va bahor mavsumlari uchun daraxt va buta ko‘chatlari ekish bo‘yicha rejalar belgilab olingan bo‘lib, 2022 yil kuz mavsumining o‘zida viloyatda 6,5 mln dan ortiq ko‘chatlar ekildi. Bahor mavsumida esa 10 mln dan ortiq daraxt ko‘chatlari ekish, parvarishlash, yashil hududlarni kengaytirish maqsad qilingan.

Bugun viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida Termiz tumanida ushbu tadbirlar oldidan daraxt ko‘chatlari ekish bo‘yicha seminar o‘tkazildi. Unda shahar, tumanlar hokimlari, mas’ul tashkilot va boshqarmalar vakillari, nuroniy faollar hamda yoshlar ishtirok etishdi. Seminarda mutaxassislar viloyatimizga yangidan keltirilayotgan 7 turdagi daraxt ko‘chatlari, ularni ekish va parvarishlash tartiblari haqida tushuntirishlar berishdi. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan sho‘r bosgan yer maydonlarida ko‘chatlarni ekish, ko‘chat handaqlariga nihollarning nobud bo‘lishini oldini olish uchun tosh, qum va boshqa mahsulotlar tashlab ekish tartiblari amaliy tarzda ko‘rsatildi.

Mutasaddilar ishtirokida keltirilayotgan daraxtlarning ilk ko‘chatlari belgilangan tartiblarda o‘tqazildi. Viloyat rahbari “Yashil makon” umummilliy loyihasining bahor mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish, keltirilayotgan daraxt ko‘chatlarining bir donasini ham nes-nobud qilmasdan o‘tkazish, kelgusida parvarishini yo‘lga qo‘yib, har bir ko‘chat uchun mas’ul biriktirish bo‘yicha mutasaddilarga vazifalarni belgilab berdi.