Termizlik tadbirkor gulchilik orqasidan yiliga 650-700 mln so‘m daromad topmoqda
Termiz tumani “Qahramon” mahallasida istiqomat qiluvchi Boboyor Xolboev o‘zining shaxsiy tomorqasida 32 sotixli issiqxona tashkil etib, hozirgi kunda pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri hamda gul ko‘chatlari yetishtirish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Buning ortidan tadbirkor yiliga 650-700 mln so‘m daromad topmoqda va 10 kishini ish bilan ta’minlagan.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz tumaniga tashrifi davomida tadbirkor Boboyor Xolboevning ham xonadonida bo‘lib, issiqxonalari, undagi ko‘chatchilik faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Viloyat rahbari gul ko‘chatlari yetishtirib, ko‘chalar va maydonlar ko‘rkamligiga hamda aholi bandligini ta’minlashga xissasini qo‘shayotgan tadbirkorga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Tuman mas’ullariga tadbirkorning ushbu tajribasini ommalashtirish, shu orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, mutasaddilarga mahalla ko‘chalarini tartibga keltirish, obodonlashtirish bo‘yicha vazifalar yuklatildi.