Ijtimoiy soha va uy-joylarga quyosh panellari oʼrnatish masalasida tadbirkorlar bilan muloqot boʼlib oʼtdi

Ijtimoiy soha va uy-joylarga quyosh panellari oʼrnatish masalasida tadbirkorlar bilan muloqot boʼlib oʼtdi

Ijtimoiy va uy-joy kommunal xizmat koʼrsatish sohalarida hamda iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligi qoplanishini taʼminlash, bu boradagi ishlarni kompleks tashkil etish hamda investorlar uchun qulay sharoitlar va ragʼbatlantirish mexanizmlarini joriy qilish maqsadida Prezidentning “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori qabul qilingan.

Qarorga asosan Surxondaryo viloyatida ham tizimli ishlar yoʼlga qoʼyilayotgan boʼlib, joriy yilning oʼzida 3 ming 791 ta aholi xonadonlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʼrnatish rejalashtirilgan. Bundan tashqari barcha ijtimoiy soha obʼektlarida, jumladan, tibbiyot, maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlarida, shuningdek, suv chiqarish nasos stantsiyalarida quyosh panellari oʼrnatish boʼyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

Ushbu maqsad va rejalarni sifatli amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida bugun viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov quyosh panellari va quyosh suv isitgichlari oʼrnatish faoliyati bilan shugʼullanuvchi 31 ta tadbirkorlik subʼektlari bilan uchrashuv oʼtkazdi. Tadbirkorlar bilan oʼtkazilgan muloqot davomida Prezident qarori bilan quyosh panellari va quyosh suv isitgichlari oʼrnatishda yaratilgan imkoniyatlar, berilgan imtiyozlar toʼgʼrisida tushuntirishlar berildi.

Tadbirkorlarning imkoniyatlaridan kelib chiqib, ijtimoiy soha obʼektlari, suv chiqarish nasos stantsiyalariga quyosh panellari oʼrnatish boʼyicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Shuningdek, mutasaddilarga aholi oʼrtasida quyosh panellari oʼrnatib, koʼriladigan foyda, ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasining davlat tomonidan sotib olinishi tartiblarini tushuntirish ishlarini kuchaytirish topshirildi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati