Termizda 100 nafar yoshlar ishtirokida “Jasorat maktabi” loyihasi asosida yig‘in boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 13 yanvar kuni o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida hududlarda profilaktik hisobda turgan hamda tarbiyasi og‘ir yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha yig‘inlar o‘tkazish topshirig‘i berilgan edi.
Shunga muvofiq, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi, Surxondaryo viloyati harbiy-ma’muriy sektori, viloyat IIB, DXX, Yoshlar ishlari agentligi va ittifoqi bilan hamkorlikda joriy yilning 3-12 aprel kunlari Surxondaryo viloyati hokimi, harbiy-ma’muriy sektori rahbarining tegishli bayoniga asosan viloyatning turli hududlaridan 100 nafar yoshlar uchun Termiz umumqo‘shin dala poligonida joylashgan harbiy qismda “Jasorat maktabi” loyihasi asosida yig‘in boshlandi.
Sohaga qiziqishi yuqori bo‘lgan yoshlarga harbiy liboslar berildi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. O‘zining qiziqishiga qarab kasb-hunar bo‘yicha guruhlarga ajratildi va yotoqxonalarga joylashtirildi. Askarlar oshxonasida ovqatlanishi uchun oziq-ovqat ta’minoti yo‘lga qo‘yildi.
Yig‘inning tantanali ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi, harbiy-ma’muriy sektori rahbari Ulug‘bek Qosimov, Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i, polkovnik Po‘latjon Sativaldiev, Mudofaa vazirligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasidan podpolkovnik Temur Ubaydullaev hamda huquqni muhofaza qilish organlari, davlat va jamoat tashkilotlari, faxriylar va yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tantanali tadbirdan so‘ng mehmonlar “Jasorat maktabi” yoshlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, harbiy qismdagi zamonaviy texnika va qurol-aslahalar hamda harbiy xizmatchilarning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va kasb-hunarga o‘qitish hamda malakali kadrlar bo‘lib yetishishlariga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan yig‘in doirasida ishtirokchilarga motivatsion treninglar, kasb-hunar sirlari, biznes saboqlari va tadbirkorlik ko‘nikmalari malakali mutaxassislar tomonidan o‘rgatiladi.
Shu bilan birgalikda, psixologik mashg‘ulotlar, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, saf, jangovar tayyorgarlik hamda Termiz shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohatlar amalga oshiriladi.