Sariosiyoda 2 322 ta xonadonli “Yangi O‘zbekiston” massivi bunyod etiladi

Sariosiyo tumanida 31 gektar maydonda 2022-2026 yillarda jami 78 ta 5, 7 va 9 qavatli, 2 322 xonadonli zamonaviy energo tejamkor, barcha qulayliklarga ega uy-joylar, ijtimoiy soha ob’ektlari, ko‘ngilochar maskanlar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalarini o‘z ichiga olgan “Yangi O‘zbekiston” massivi bunyod etiladi.

Hozirgi kunda uning birinchi bosqichida 19 ta 5 va 9 qavatli, 728 ta xonadondan iborat turar-joylar qurilishi yakuniy bosqichda olib borilmoqda.

Bugun viloyat hokimi mazkur massivda bo‘lib, yakuniy qurilish-montaj ishlarini ko‘zdan kechirdi. “Yangi O‘zbekiston” massivining birinchi bosqichini joriy yil 9 may arafasida foydalanishga topshirish, turar-joylarda barcha infratuzilmalar, bolalar maydonchalari, yo‘laklar, yashil hududlar barpo etish ishlarini yakuniga yetkazish bo‘yicha mas’ularga vazifalar belgilab berildi.