Surxondaryoda madaniyat va san’at xodimlari sharaflandi

Termiz shahridagi “Afruz” tantanalar saroyida 15 aprel – O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, soha xodimlarini sana munosabati bilan muborakbod etdi.

Viloyatimizda 1 nafar san’at arbobi, 1 nafar O‘zbekiston xalq artisti, 11 nafar O‘zbekiston xalq baxshisi, 10 nafar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, 11 nafar “Shuxrat” medali sohibi, 3 nafar “Do‘stlik” ordeni sohibi, 4 nafar “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti, 8 nafar “Nihol” mukofoti sovrindorlari faoliyat yuritib kelmoqda.

Tadbirda so‘z olganlar yurtimizda, xususan, viloyatimizda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ijobiy ishlarni e’tirof etishdi.

Shuningdek, sohada alohida o‘rnak ko‘rsatgan, fidoyi va jonkuyar 47 nafar madaniyat va san’at xodimlariga viloyat hokimining faxriy yorliqlari hamda qimmatbaho sovg‘alari tantanali topshirildi.

Bayramona bezatilgan dasturxon atrofida, Toshkent shahridan tashrif buyurgan O‘zbekiston xalq artistlari Abduhoshim Ismoilov va Zulayho Boyxonova hamda boshqa san’atkorlarning chiqishlari bilan bayram tadbiri ko‘tarinki kayfiyat va o‘zgacha zavqu-shavq bilan davom etdi.