Surxondaryoda o‘rik eksporti boshlandi

O‘ziga xos iqlimi va tabiati sabab yurtimizda birinchilardan bo‘lib, erta bahordan meva-sabzavot mahsulotlari pishib yetiladigan Surxon vohasi, xususan, Termiz tumanida shu kunlarda o‘rik hosilini yig‘ishtirib olish mavsumi boshlab yuborilgan.

Tumanning “Xalqobod” mahallasi hududida joylashgan “SPN Humoagro” MChJning 58 gektarda ekilgan o‘rikning Turkiya, Italiya va Gresiya kabi davlatlardan keltirilgan 18 turdagi ertapishar, hosildor navlari pishib yetildi.

O‘rik kunlik terib olinib, har kuni 10 tonnadan ortiq mahsulot Rossiyaga eksport qilinmoqda hamda mahalliy aholi iste’moli uchun ichki bozorlarga chiqarilmoqda.

“SPN Humoagro” MChJ tomonidan bu yilgi mavsum davomida 300 tonnaga yaqin o‘rik hosilini yig‘ishtirib olish va chet davlatlarga 300-350 ming dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, MChJ tomonidan 30 ta doimiy, 300 ta mavsumiy ish o‘rinlari yaratilgan.