Surxondaryo ahliga Ramazon hayiti tabrigi
Muhtaram vohadoshlar, qadrli viloyatimiz mehmonlari!
Barchangizni insonparvarlik, mehr-oqibat, xayru saxovat va bag‘rikenglik ayyomi – Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman!
Mamlakatimizda keyingi yillarda xalqimiz e’zozlab keladigan muborak Ramazoni sharifni yuksak saviyada o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mo‘min-musulmonlarning barcha diniy ibodatlarini sermazmun, tarovatli o‘tkazib, muqaddas bu oyning barcha fazilatlaridan bahramand bo‘lishi uchun barcha zarur sharoit yaratilmoqda.
Joriy yilda viloyatimizdan ham 200 nafar kam ta’minlangan, ehtiyojmand hamda mahallada obru-e’tiborga ega oila vakillari muborak Ramazon kunlarida davlatimiz ko‘magida Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga borib, Umra amallarini to‘la-to‘kis ado etgani yoki bugun erta tongdan viloyatimizdagi 126 ta jom’e masjidlarida hayit namozi o‘qilgani ham bunga yaqqol dalildir.
Azizlar!
Fursatdan foydalanib Yangi O‘zbekistonimizga o‘zgacha fayz bag‘ishlayotgan ana shunday shafoatli kunda mehnatkash va oqko‘ngil, mard va oliyjanob xalqimizni Iyd-al-fitr bayrami bilan muborakbod etib, mo‘tabar mohi Ramazonda qilgan barcha ezgu niyat va duolari ijobat bo‘lishini tilayman!
Ramazon hayiti barchamizga qutlug‘ bo‘lsin!
Ulug‘bek Qosimov,
Surxondaryo viloyati hokimi