Denov tumanida iqtisodiy rivojlanish masalalari muhokama qilindi

Viloyat hokimining haftalik ish rejasiga muvofiq, bugun iqtisodiyot, tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish sohasida olib borilayotgan ishlar ko‘zdan kechirilib, sohadagi mavjud muammolar tahlil qilindi.

Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyatda iqtisodiy rivojlanish, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, soliq tushumlari prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishi, loyihalarning ishga tushirilishi va yangi ish o‘rinlari yaratish hamda muqobil energiya manbalarini keng joriy etish borasidagi topshiriqlar ijrosi muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimligining kotibiyat mudirlari, tegishli korxona va tashkilotlar hamda boshqarmalar boshliqlari, shahar va tumanlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari ishtirok etdi.

Har bir masala yuzasidan mas’ullarning axborotlari va belgilangan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha hisobotlari tinglanib, ularga aniq vazifalar belgilab berildi.