Ulug‘bek Qosimov: “Beparvo maktab direktorlari bilan qanchalik tez xayrlashsak, bolalarimiz kelajagini shunchalik o‘ylagan bo‘lamiz”
Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov bugun Qumqo‘rg‘on tumanidagi 62-sonli umumta’lim maktabi binosida viloyatda yoshlarga oid davlat siyosatining yuritilishi hamda ijtimoiy soha muassasalarida olib borilayotgan ishlarni muhokama qildi.
Kun tartibida yoshlar kelajagi bilan bog‘liq, maktablarda ta’lim sifati va o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar qamrovini oshirish tadbirlari, “Yoshlar daftari”ning yuritilishi, yoshlar jinoyatchiligining oldini olish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va sportni ommalashtirish, tibbiyot muassasalarida sifatli tibbiy xizmatni yo‘lga qo‘yish kabi masalalar muhokama qilindi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda kun tartibidagi ushbu masalalar bo‘yicha viloyatda olib borilayotgan ishlar qoniqarsiz holatda ekanligi ta’kidlandi. Bir qator mansabdorlarga nisbatan o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qarab kelganligi, lavozim majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganligi uchun tegishli jazo choralari qo‘llanildi.
Jumladan, faoliyatida yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari sababli Qumqo‘rg‘on tumani hokimining yoshlar siyosatiga mas’ul o‘rinbosariga, shuningdek, tuman markaziy shifoxonasida ichimlik suvi ta’minoti yo‘lga qo‘yilmaganligi va isitish tizimidagi muammolar bartaraf etilmaganligi sababli Oltinsoy tuman tibbiyot birlashmasi rahbariga “xayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.
Shuningdek, muhokama yig‘ilishida maktab ta’limi sifati ham qattiq tanqid qilinib, bu borada viloyatning respublikadagi reytingi mutlaqo qoniqarsiz ekanligi qayd etildi. Tumanlar kesimida ta’lim sifati reytingi tahliliga ko‘ra, eng oxirgi o‘rinlarni Sherobod (viloyatda 15-o‘rin, Respublikada 187-o‘rin), Qumqo‘rg‘on (viloyatda 14-o‘rin, Respublikada 186-o‘rin) hamda Bandixon (viloyatda 13-o‘rin, Respublikada 181-o‘rin) tumanlari egallagan. Bu esa o‘z navbatida ushbu tumanlarda maktab ta’limiga mas’ul rahbarlarning mas’uliyatsizligi, o‘z lavozim majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganligi natijasidir. Shu sababli, mas’ullarga Sherobod, Qumqo‘rg‘on va Bandixon tumanlari xalq ta’limi bo‘limi mudirlarini, shuningdek, Qumqo‘rg‘on tumanidagi reytingi ko‘rsatkichlari past bo‘lgan maktab direktorlarini lavozimidan ozod etish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Viloyat rahbari kun tartibida yoshlar hayoti, umuman aholi turmush tarziga daxldor bo‘lgan muhim ijtimoiy masalalarning har birini muhokama qilar ekan, bu hol bugun o‘nglanmasa, yoshlar kelajagiga xiyonat bo‘lishini ta’kidlab, mas’ullarga aniq muddatlar bilan tegishli vazifalarni hamda chora-tadbirlarni belgilab berdi.