Ulug‘bek Qosimov: “Surxondaryoda oziq-ovqat mahsulotlarini birinchilardan bo‘lib yetishtirib, eksport qiladigan Termiz tumanida qishloq xo‘jaligidagi bugungi ahvol havas qilgulik emas”
Aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda eng muhim soha hisoblangan qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan ishlar, kechiktirib bo‘lmas agrotexnik tadbirlarning borishini o‘rganish va muhokama qilish maqsadida viloyat hokimi Termiz tumanida soha mas’ullari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.
Viloyat rahbari so‘zining avvalida o‘zining dehqonchilikdagi boy tajribasi bilan oziq-ovqat mahsulotlarini birinchilardan bo‘lib dunyo bozoriga yetkazib beradigan Termiz tumanida ertangi rizq-ro‘zimiz bo‘lgan g‘alla parvarishidagi ishlar qoniqarsiz holatda ekanligini qayd etdi.
Jumladan, tumanda jami 2 ming 900 gektar g‘alla maydonlari bo‘lib, shundan 64 gektar maydonda g‘alla unib chiqmagan, 173 gektardagi don kesakli maydonga, sifatsiz ekilgan, 372 gektar g‘alla maydonlari kech ekilganligi sababli maysa rivoji ortda qolgan hamda 1 ming 144 gektar maydondagi g‘allaga birinchi ozuqa berilmagan.
Shuningdek, tumandagi “Termiz Indenim klaster” MChJ tomonidan 100 gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish rejalashtirilgan bo‘lsada, hozirgi kunga qadar bu borada ishlar boshlanmaganligi viloyat hokimining tanqidiga sabab bo‘ldi.
Viloyat rahbari ushbu holatlarni bartaraf etish bo‘yicha zudlik bilan chora-tadbirlarni amalga oshirish, barcha kuch va vositalarni jalb qilgan holda bugunning o‘zida ishlarni boshlash, tumanda 2 ming gektar maydonning shudgorlash ishlarini yakuniga yetkazish, dalalar atrofini tozalash va tut ko‘chatlari ekish bo‘yicha mas’ullarga aniq muddatlar bilan topshiriqlarni belgilab berdi.
Viloyat qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Shtabiga Termiz tumanidagi ishlarni ham nazoratga olish va viloyat Ishchi guruhini belgilangan muddatda amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish bo‘yicha tumanga yuborish topshirig‘i berildi.