Hokim va bitiruvchi talabalar uchrashuvi o‘tkazildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahridagi muhtasham San’at saroyida oliy ta’limni bitirayotgan yoshlar bilan uchrashdi.

Uchrashuv avvalida San’at saroyi ko‘rgazmalar zalida viloyatning iqtidorli yoshlari tomonidan yaratilagan rassomchilik san’ati asarlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Viloyat rahbari yoshlarning ijod namunalari bilan tanishar ekan, yanvar oyi oxirgi haftasida Termiz shahridagi Ro‘zi Choriev nomidagi san’at muzeyida viloyatning iqtidorli yoshlari tomonidan yaratilgan san’at asarlari ko‘rgazmasini tashkil etish va asarlarni auksion savdolarida sotib, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berdi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari joriy yilda yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalalarini tamomlayotgan bir guruh yoshlar bilan uchrashib, ular bilan kelgusidagi rejalar haqida suhbatlashdi, yoshlarning taklif va tashabbuslari hamda murojaatlarini tingladi.

Bu yil surxondaryolik 8 ming nafardan ortiq yoshlar oliy ta’lim muassasalarini tamomlashadi. Ularning 7 ming 209 nafar viloyatdagi, 861 nafari yurtimizning boshqa hududlaridagi oliy ta’lim muassasalarini bitirishadi.

Viloyat rahbari bitiruvchi talabalar bilan suhbati davomida viloyat hokimidan tortib, barcha sektor rahbarlari, mahalla faollari yoshlarning yaqin ko‘makchisi va maslahatchisi bo‘lishini ta’kidladi. Uchrashuv davomida bitiruvchilar tomonidan bildirilgan taklif, tashabbus hamda murojaatlarni hal etish bo‘yicha mas’ullarga aniq muddatlar belgilanib, vazifalar yuklandi.