Surxondaryo viloyati hokimining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti o‘tkazildi
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi turmush darajasini yaxshilash, real daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu bois Surxondaryo viloyatida ham tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda, ular faoliyatida yuzaga kelayotgan muammo va to‘siqlarni tezkor bartaraf qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugun Termiz shahridagi Yoshlar markazi binosida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimovning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti o‘tkazildi. Unda viloyat, tuman va shahar hokimining tegishli o‘rinbosarlari, mutasaddi viloyat tashkilotlari rahbarlari, 328 nafar xususiy sektor vakillari ishtirok etishdi. Ochiq muloqot davomida tadbirkorlarning 480 ta murojaat, taklif va tashabbuslari tinglandi va atroflicha o‘rganildi.
Ochiq muloqot davomida tadbirkorlar tomonidan loyihalarni amalga oshirish, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, tijorat bankidan kredit olish, xo‘jalik yurituvchi subektlarga ko‘rsatilgan xizmat va berilgan mahsulot uchun to‘lanmay qolgan mablag‘ni undirish kabi muhim masalalar o‘rtaga tashlandi.
Tadbirkorlar tomonidan bildirilgan murojaatlarning 50 dan ortig‘i joyida hal etilgan bo‘lsa, ayrim murojaatlarga huquqiy tushuntirishlar berildi. Shuningdek, yechimi ma’lum vaqt talab etadigan masalalar aniq ijro muddati bilan mas’ullarga yo‘naltirilib, batafsil o‘rganib chiqish va hal etish bo‘yicha vazifalar yuklatildi. Barcha murojaatlarning ijrosi viloyat hokimi tomonidan nazoratga olindi.
Ma’lumot o‘rnida, viloyat hokimi rahbarligida haftaning har dushanba kunlari “Tadbirkorlar qabuli” o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, unda ishtirok etish istagida bo‘lgan tadbirkorlar (+99876) 225 12 37, (+99891) 585 02 42, (+99890) 645 53 80 raqamlariga murojaat qilishlari mumkin.