Yo‘llardagi muzlamalarni bartaraf etish va “avariya” holatlarining oldini olish bo‘yicha topshiriqlar berildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida Ichki ishlar boshqarmasida tashkil etilgan viloyat navbatchilik Shtabida viloyat, shahar va tumanlar shtablari tomonidan anomal sovuq paytida aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini energiya resurslari bilan ta’minlash, yo‘llarda muzlamalarni bartaraf etish borasida olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Viloyat rahbari mas’ullarning hududlar bo‘yicha axborotini tinglar ekan, shtablar faoliyatini yanada kuchaytirilgan tartibda ishlashini ta’minlash, viloyat Ichki ishlar, Milliy gvardiya, Avtomobil yo‘llari va Transport boshqarmalariga yo‘llarni muzalamalardan tozalash, qum-tuz aralashmasi sepish, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yo‘l transport xodisalarining oldini olish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirig‘ini berdi.

Aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini energiya resurslari bilan ta’minlash, mahallalarga ko‘mir yoqilg‘isini yetkazib berish, elektr energiya, gaz va ichimlik suvi ta’minotida yuzaga kelgan muammolarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ta’lim muassasalarida an’anaviy dars mashg‘ulotlari boshlanishi munosabati bilan talabalar va o‘quvchilarning dars mashg‘ulotlariga kelib-ketishini tizimli tashkil etish hamda o‘quv xonalarining isitilishini ta’minlash bo‘yicha hududiy hokimliklarga vazifalar belgilab berildi.