Vetnam delegatsiyasi bilan uchrashuv oʼtkazildi

Pillachilik sohasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish hamda hamkorlikda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish maqsadida yurtimizda boʼlib turgan Vetnam davlati delegatsiyasi Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

Bugun viloyatimiz hokimi Ulugʼbek Qosimov Termiz shahridagi “Surxon ipagi” korxonasida Vьetnam delegatsiyasi aʼzolari bilan uchrashuv oʼtkazdi. Unda Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʼmitasi raisi Bahrom Sharipov ham ishtirok etdi.

Mehmonlar “Surxon ipagi” korxonasida ipak tolasini qayta ishlash, mato va toʼqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. Kasanachilik asosida qoʼlda ipak tolali gilamlar toʼqish loyihasi mehmonlarda katta qiziqish uygʼotdi.

Viloyat rahbari delegatsiya aʼzolarini vohamizga tashrifi bilan qutlab, hamkorlikda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishdan mamnun ekanligini bildirdi.

Delegatsiya aʼzolarining viloyatimizga boʼlgan tashrifi davom etmoqda.

Maʼlumot uchun, joriy yil 5 mart kuni Oʼzbekiston delegatsiyasining Vetnamga tashrifi davomida “Surxon ipagi” korxonasi hamda ushbu davlatning “To lua ha nam Co LTD” kompaniyasi oʼrtasida 4 million dollarlik eksport shartnomasi imzolangandi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati