Hududlarga tashrif: Muzrabot, Sherobod va Qiziriq tumanlarida gʼalla va paxta maydonlari oʼrganildi

Gʼalla oʼrim-yigʼimi avj pallada etayotgan hozirgi kunlarda har bir soat, har bir kun hosilni nes-nobud qilmasdan yigʼib olish muhim sanaladi. Shu sabab viloyat rahbari hududlarga tashrifi davomida oʼrim-yigʼim jarayonlariga jiddiy eʼtibor qaratib, bu borada masʼullarga muhim vazifalarni belgilab bermoqda.

 Kecha viloyat hokimi Muzrabot, Sherobod va Qiziriq tumanlarida boʼlib, ayni jarayonlar bilan tanishdi hamda paxtaga agrotexnik ishlov berish va parvarishini olib borish boʼyicha bajarilayotgan ishlarni koʼzdan kechirdi.

Muzrabot tumaniga tashrif davomida gʼalladan boʼshagan yer maydonlari kam taʼminlangan, ishsiz fuqarolarga ekin ekib, dehqonchilik qilish uchun shudgorlangan holatda hosildor urugʼlar bilan ajratib berildi. Shuningdek, fermer xoʼjaligi ishchilari, suvchilari, mexanizatorlar hamda boshqa hududlardan gʼalla oʼrimiga jalb qilingan kombayn operatorlariga sovgʼalar topshirildi. Oʼz oldiga qoʼyilgan rejani ortigʼi bilan bajargan fermer xoʼjaliklari tomonidan kam taʼminlangan, “daftarlar”da turgan oilalarga bugʼdoy tarqatildi.

Gʼallani belgilangan reja-grafikka asosan tizimli yigʼishtirib olish, paxta dalalalarida agrotexnik tadbirlarni oʼz vaqtida amalga oshirib, oʼgʼitlash, sugʼorish ishlarini belgilangan meʼyor va talablar asosida amalga oshirish topshirildi.

Shuningdek, mazkur tumanlarda ogʼir hudud toifasidagi mahallalarning mavjud holati koʼzdan kechirilib, mutasaddilarga infratuzilmani rivojlantirish boʼyicha amalga oshirilishi lozim boʼlgan tadbirlar belgilab berildi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati