Surxondaryoning turizm salohiyati xalqaro seminarda namoyish etildi
Xabar berilganidek, kuni kecha Tailand davlati poytaxti Bankok shahrida “Oʼzbekistonda buddizmning boy merosi. Kushonlar va buddizmning Oʼrta Osiyo orqali Ipak yoʼli boʼylab tarqalishi” nomli Oʼzbekiston madaniy merosi va ziyorat turizmi salohiyatiga bagʼishlangan xalqaro ilmiy seminar oʼtkazildi.
Tailandning muhim diniy bayramlaridan biri “Visaxa Bucha kuni” xalqaro bayrami 26 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda yetakchi diniy ulamolar, siyosiy, akademik va madaniy doira hamda diplomatik korpus vakillari, shuningdek, Surxondaryo viloyati delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Xalqaro seminarda Oʼzbekiston va Tailand oʼrtasida madaniy aloqalar tarixi, Surxondaryo viloyatining yangi turizm brendi, ziyorat, tibbiy, gastronomik, sport turizmi va ekoturizm yoʼnalishlaridagi mavjud sayyohlik salohiyati va ziyoratchilar uchun yaratilgan qulayliklar, 2023 yilda viloyatda oʼtkazilishi rejalashtirilgan xalqaro tadbirlar toʼgʼrisida batafsil maʼlumotlar berildi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan kelajakda Tailand bilan Oʼzbekistondagi buddaviylik obidalari tarixini oʼrganuvchi, hamkorlikda arxeologik qazishmalar, topilmalarni qayta tiklash va ilmiy tadqiqotlar bilan shugʼullanuvchi Madaniy-ilmiy markaz, Ilmiy tadqiqot instituti tuzish imkoniyatlarini oʼrganish taklifi bildirildi.
Surxondaryo viloyatidagi buddaviylik yodgorliklarini yanada keng oʼrganish, ularni asrab-avaylab, qayta tiklash, muzeylashtirish va ziyoratchilar uchun munosib sharoitlar yaratishda texnologiyalar va mutaxassislar jalb etish boʼyicha Tailand tomoni bilan hamkorlikda ishlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Shuningdek, viloyat delegatsiyasi tomonidan qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʼtkazilib, viloyat turizm salohiyati boʼyicha taqdimotlar qilindi.