Jarqoʼrgʼon tumanida gʼalladan boʼshagan maydonlar dehqonchilik qilish uchun ishsiz fuqarolarga ajratib berilmoqda. Bugun viloyat hokimi mazkur tumanda boʼlib, “Surxonlik Sherzod SSS” va “Kamola Kamolbek Quyun” fermer xoʼjaliklarining gʼalladan boʼshagan maydonlarini fuqarolarga ajratib berish tadbirlarida ishtirok etdi.
Maydonlar asosan “daftarlar”da turgan, ishsiz fuqarolarga ekin ekishga tayyor holda hosildor urugʼlar bilan ajratib berildi. Ushbu fermer xoʼjaliklari tomonidan gʼallaning rejadan orttirilgan qismidan xoʼjalik ishchilariga 1 tonnadan, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar vakillariga 200 kilogramdan bugʼdoy tarqatildi.
Shuningdek, fermer xoʼjaligining mirishkor ishchi-xodimlari, suvchilar, mexanizatorlar va kombayn operatorlariga viloyat hokimligining sovgʼalari - maishiy texnikalar topshirildi.
Tuman mutasaddilariga gʼalladan boʼshagan maydonlarni “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyiliga amal qilgan holda hosildor urugʼlar bilan birga belgilangan rejaga muvofiq toʼliq ajratib berish vazifasi topshirildi.