Toʼrt ming yillik Jarqoʼton yodgorligidan taqinchoq va sopol idishlar bilan birga koʼmilgan odam qabrlari topildi
Аvval xabar berilganidek, Prezidentimizning Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʼida vohadagi 10 ta madaniy meros obʼektlarida dunyoning yetuk arxeologiya institutlari va ilmiy markazlari olimlarini jalb qilib, oʼrganish ishlarini olib borish topshirigʼi berilgan. Bugungi kunda topshiriqqa asosan viloyatimizning turli manzillarida arxeologik qazishma va oʼrganish ishlari olib borilmoqda.
Shulardan biri boʼlgan “Jarqoʼton” yodgorligi 4000 yillik tarixga ega, Oʼzbekistonda yagona boʼlgan eng qadimgi shahar hamda Oʼrta Osiyodagi dastlabki sivilizatsiya beshigi hisoblanadi. Hozirga qadar yodgorlikning hukmdor saroyi, Oʼrta Osiyoning ilk ibodatxonasi va mingdan ortiq qabrlar ochib oʼrganilgan.
Bugungi kunda Oʼzbekiston-Frantsiya qoʼshma ekspeditsiyasida Frantsiya milliy tadqiqot markazi, Termiz davlat universiteti, Oʼzbekiston milliy universiteti arxeolog olimlari ishtirokida qazishma ishlari olib borilmoqda. Qabrlarni qazish jarayonida qadimgi ajdodlarimizning oʼziga xos diniy urf-odatlari oʼrganilmoqda. Topilgan turli taqinchoqlar va bejirim qilib yasalgan sopol idishlar oʼsha davr hunarmandchiligining naqadar rivojlanganligidan darak beradi.
Bugun viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov “Jarqoʼton” yodgorligi hududida olib borilayotgan arxeologik qazishma ishlari bilan tanishdi va olimlar bilan suhbatlashdi. Yurtimiz tarixi va dunyo tamaddunini oʼrganishda muhim hisoblangan bu kabi arxeologik yodgorliklarning oʼrganilishi ilm-fan rivojida katta ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.