Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialida 3 ta bakalavriat taʼlim yoʼnalishi va 8 ta klinik ordinatura mutaxassisliklari boʼyicha 2,5 mingga yaqin talaba tahsil oladi. Oliygohda yildan-yilga talabalar soni ortib bormoqda va bu oʼz navbatida qoʼshimcha talabalar turar-joylarini tashkil etishni taqozo qiladi.
Hozirgi kunda filial talabalarining turar-joyga boʼlgan talabini qondirish maqsadida davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida 400 oʼrinli yangi turar-joy binosi qurilmoqda. Bugun viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov ushbu talabalar turar-joyining qurilish-taʼmirlash ishlari bilan tanishdi.
Zamonaviy shaharsozlik talablari asosida barcha qulayliklarga ega boʼlishi koʼzda tutilgan mazkur talabalar turar-joyining qurilish ishlari bilan tanishish davomida Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialida qurilishi rejalashtirilgan qoʼshimcha oʼquv binolari loyihalari taqdimot qilindi.
Viloyat rahbari olib borilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlarini sifatli amalga oshirish, talabalar turar-joyini kelgusi oʼquv yilidan boshlab foydalanishga topshirish boʼyicha koʼrsatmalar, shuningdek, taqdimot qilingan loyihalarni takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalarini berdi.