Qumqoʼrgʼonda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish masalalari muhokama qilindi

Qumqoʼrgʼon tumanidagi kriminogen vaziyat tahlil qilinganda joriy yilning 5 oyi davomida jami 116 ta jinoyat sodir etilib, oʼtgan yilning shu davriga nisbatan 5 taga oshgan. Shuningdek, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar soni 19 taga yoki 35,2 foizga oshib ketishiga yoʼl qoʼyilgan.

Viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov rahbarligida oʼtkazilgan muhokamada tuman sektor rahbarlari, Ichki ishlar organlari hamda mahalla masʼullari va profilaktika inspektorlarining hisoboti tinglandi.

Sodir etilgan jinoyatlar yuzasidan 115 ta muhokama yigʼilishlari oʼtkazilgan boʼlishiga qaramay, ularning 35 tasida sektor rahbarlari, xususan 16 tasida 4-sektor rahbari, tuman Davlat soliq inspektsiyasi boshligʼi ishtirok etmagan. Аyollar, yoshlar va voyaga yetmaganlar oʼrtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish boʼyicha yetarli choralar koʼrilmaganligi qayd etildi.

Jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasini lozim darajada olib bormaganligi uchun tuman Davlat soliq inspektsiyasi boshligʼiga, Kambagʼallikni qisqartirish va bandlik boʼlimi boshligʼiga, “Uyas” mahallasi “Beshligi”ga, “Xalqobod” mahallasi raisi va pofilaktika inspektoriga, “Doʼstlik”, “Neftchilar”, va “Beshqahramon” mahallalari profilaktika inspektorlariga “Hayfsan” intizomiy jazosi tayinlandi.

Tumanda voyaga yetmaganlar tomonidan 3 ta jinoyat qayd etilgan, shundan 2 tasi 10-sonli maktab oʼquvchilari tomonidan sodir etilgan. Jumladan, 2008 yilda tugʼilgan ushbu maktab oʼquvchisi tomonidan sodir etilgan oʼgʼirlik jinoyati yuzasidan maktabning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʼyicha direktor oʼrinbosari, sinf rahbari va maktabga biriktirilgan inspektor-psixolog tomonidan biror marotaba profilaktik suhbat oʼtkazilmagan. Oʼz vazifasiga sovuqqonlik bilan qaraganligi uchun maktab direktori, direktor oʼrinbosari va sinf rahbari hamda maktabga tuman IIBdan biriktirilgan inspektor-psixologni lavozimiga loyiqlik masalasini koʼrib chiqish boʼyicha viloyat boshqarmalariga koʼrsatmalar berildi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati