Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialining ilk bitiruvchilariga sertifikatlar topshirildi

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018 yilda tibbiyot sohasini malakali kadrlar bilan taʼminlash maqsadida Surxondaryo viloyatida Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali tashkil etildi. Bu yil ushbu oliygohning ilk, 294 nafar bitiruvchilari oʼqishni tamomlab, viloyatdagi tibbiyot muassasalarida faoliyat olib borishga hozirlik koʼrishmoqda.

Bugun Termiz shahridagi “Yoshlar markazi”da Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali ilk bitiruvchilarining qasamyod qabul qilish tadbiri oʼtkazildi. Unda viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov ishtirok etdi. Viloyat rahbari bitiruvchilarni tibbiyot oliygohini muvaffaqiyatli tamomlayotganliklari bilan tabriklab, ulardan oʼz qasamyodlariga sodiq qolib, insonlar sogʼligini asrashda fidoyilik bilan mehnat qilishlarini soʼradi. Oʼz tabrik soʼzi yakunida viloyat rahbari bitiruvchilarni vrach maqomini olayotganliklari bilan samimiy muborakbod etib, xalqimiz salomatligi yoʼlidagi sharafli ishlarida ulkan zafarlar tiladi.

Shundan soʼng, oliygoh bitiruvchilariga sertifikatlar topshirildi. Endilikda 294 nafar yosh shifokorlar Surxondaryo viloyatidagi tibbiyot muassasalarida oʼz faoliyatlarini olib borishadi.

Maʼlumot uchun, hozirda viloyatimizda 3,5 mingdan ortiq malakali shifokorlarga ehtiyoj mavjud boʼlib, joriy oʼquv yilida tibbiyot oliygohlari bitirayotgan 423 nafar vrachlar viloyatdagi tibbiyot muassasalariga ishga qabul qilinmoqda.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati