Surxondaryolik gʼallakorlar mamlakatimizda birinchi boʼlib, tovar don topshirish rejasini ortigʼi bilan bajardi
Qishloq xoʼjaligi uchun ob-havo noqulay kelgan bu yilgi sharoitda 89,3 ming gektar maydonda mahalliy iqlimga mos, ertapishar gʼalla navlarini parvarishlagan voha mirishkorlari shu kungacha qabul punktlariga 209 ming 185 tonna sara tovar don topshirib, shartnomaviy rejani 101,1 foizga bajardilar.
Jumladan, Аngor tumanida “Saidnosirxon”, “Ikki doʼst Surxon-Аngor”, Termiz tumanidagi “Namuna Qahramon gavhari”, “Sherzod Salavot”, Muzrabot tumanidagi "Saidmurodova Soliya", Denov tumanidagi “Bogʼbon”, “Bilol Mirzo”, Shoʼrchi tumanidagi “Shavkat Аbdurahmonov”, “Iqbol-1”, Jarqoʼrgʼon tumanidagi “Nurli Diyor Oqoltini”, “Surxon Sabosi” kabi fermer xoʼjaliklari 95-100 sentnerdan hosil olib, viloyat xirmoniga oʼzlarining munosib hissasini qoʼshdi.
Viloyat gʼallachiligidagi bu muvaffaqiyat qishloq xoʼjaligida iqtisodiy islohotlarning jadallashganligi, klaster faoliyatining yoʼlga qoʼyilganligi, fermerlarning moddiy manfaatdorligi, yerga, mulkka egalik hissining oshganligi, zamonaviy usullarning izchillik bilan joriy etilganligi samarasidir.
Joriy yilda voha gʼallakorlari gektarlar hosildorligini oʼrtacha 76,6 sentnerga yetkazib, mavjud maydonlardan 695 ming 500 tonna sara don ishlab chiqarishni moʼljallamoqda.
Viloyatda gʼalla oʼrim-yigʼimi qizgʼin davom etmoqda.