Surxondaryolik boʼlajak hojilar Saudiya Аrabistoniga joʼnab ketdi

Bugun «Termiz xalqaro aeroporti»da Surxondaryolik boʼlajak hojilarni muborak “Haj” safariga kuzatish tadbiri boʼlib oʼtdi. Unda viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov ishtirok etib, muborak safarga otlangan surxondaryoliklarga oq yoʼl tiladi.

Yurtimizda yildan yilga “Haj” ziyoratiga boruvchi fuqarolarimiz uchun qulayliklar va sharoitlar yanada yaxshilanib, Oʼzbekistonliklar uchun ajratilgan kvotalar soni ortib bormoqda. Xususan, 2022 yilda viloyatimizdan 665 nafar fuqarolar muborak “Haj” safariga borishgan boʼlsa, bu yil ularning soni 764 nafarga yetib, ajratilgan oʼrinlar qariyb 100 taga ortdi.

Tadbirda soʼz olgan boʼlajak hojilar davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan bu kabi imkoniyat va sharoitlardan minnatdor ekanliklarini bildirishdi. Yakunda diniy ulamolar, nuroniylar, safarga otlangan otaxonu-onaxonlar hamda tadbir ishtirokchilari yurt tinchligi va farovonligi, muborak safarga otganlangan ziyoratchilarimizning safarlari bexatar boʼlishini soʼrab duoga qoʼl ochishdi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati