Bugun viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov rahbarligida Termiz shahri mahallalarida obodonlashtirish, koʼkalamzorlashtirish va belgilangan dastur boʼyicha bunyodkorlik ishlarini olib borish hamda viloyatda qishloq xoʼjaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bagʼishlangan videokonfrensaloqa tarzida yigʼilish boʼlib oʼtdi.

Davlat rahbarining joriy yil 13 mart kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifida belgilangan topshiriqlarga asosan Termiz shahri mahallalari infratuzilmasini yaxshilash boʼyicha dastur qabul qilingan. Dasturga muvofiq shaharning 37 ta mahallasida ham yoʼllarni asfaltlash, beton qoplama yotqizish, piyodalar yoʼlagi barpo etish, koʼp qavatli turar joylarning fasad va tom qismi hamda bolalar maydonchalarini taʼmirlash, ichimlik va oqova suv tarmoqlarini tortish kabi qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Olib borilayotgan keng koʼlamli ishlarda fuqarolar faolligini oshirish maqsadida mahalladagi “Beshlik” tomonidan tushuntirish ishlarini olib borish, har bir mahallada belgilangan tadbirlarni sifatli amalga oshirish boʼyicha vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, kun tartibida qishloq xoʼjaligi sohasi, xususan, paxtaga agrotexnik ishlov berish, oʼgʼitlash va ozuqalash hamda sugʼorish ishlarining borishi va gʼalla oʼrim-yigʼimini uyushqoqlik bilan yakunlash masalalari ham muhokama qilindi. Paxta parvarishi boʼyicha tizimli ishlarni amalga oshirish hamda gʼalla otryadlariga hududlarda oʼrilmagan gʼalla maydonlaridagi donni nes-nobud qilmasdan yigʼishtirib, mavsumni yakuniga yetkazish boʼyicha topshiriqlar berildi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati