Muzrabotlik yoshlarning 100 nafariga takroriy ekin uchun yer berildi

Bugun viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov Muzrabot tumanida boʼlib, gʼalladan boʼshagan yer maydonlarini takroriy ekin uchun yoshlarga ajratib berish tadbirida ishtirok etdi. Tadbir avvalida gʼalla oʼrim-yigʼimida jonbozlik koʼrsatgan saksondan ortiq otryadlar rahbarlari, aʼzolari, fermer xoʼjaligi ishchilari, mexanizator va suvchilarga sovgʼalar topshirildi.

Shuningdek, tumanning “Yangi hayot”, “Shaffof”, “Yoʼlchi” va “Yangi diyor” mahallalarida yashovchi 100 nafar ehtiyojmand, kam taʼminlangan, “daftarlar”da turgan oilalar vakillariga 200 kilogrammdan bugʼdoy berildi.

Shundan soʼng, “Mamatqul” fermer xoʼjaligining gʼalladan boʼshagan, shudgorlanib, ekin ekishga tayyor holga keltirilgan 20 gektar maydoni “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida ekiladigan hosildor urugʼlari bilan 100 nafar ishsiz, “Yoshlar daftari”da turgan yoshlarga ajratib berildi.

Vilot rahbari shu yerning oʼzida gʼoʼza parvarishining borishi bilan ham tanishdi. Аgrotexnik tadbirlarni muddatida olib borish topshirigʼi berildi. Yakunda masʼullarga gʼalladan boʼshagan yer maydonlarini belgilgan rejaga muvofiq ishsiz fuqarolarga ajratib berish ishlarini izchil davom ettirish vazifasi yuklandi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati